Davlatimiz rahbari Oʻzbekistonning yaqin doʻstlari va ishonchli hamkorlari boʻlgan xorijiy hukumatlar va xalqaro moliya institutlari vakillari hamda nufuzli kompaniyalar rahbarlari bilan ushbu forum doirasidagi uchrashuvlar yaxshi anʼanaga aylanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

“Sizlarning mehmondoʻst diyorimizga tashrifingizni yurtimizga hurmat va islohotlarimizga ishonch, deb qabul qilamiz”, - dedi Prezident.

Xalqaro maydonda hozirgi vaqtda davom etayotgan murakkab va tahlikali jarayonlar, bashorat qilib boʻlmaydigan oʻzgarishlar dunyo iqtisodiyotini jiddiy sinovdan oʻtkazayotgani qayd etildi. 

Bunday ziddiyatli sharoitda bugungi uchrashuv ikki tomonlama va koʻp tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga, yangi biznes imkoniyatlarini kashf etishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.