— Keyingi yillarda yurtimizda ilm-fanga, olimlarimiz tadqiqotlariga juda katta eʼtibor qaratilayotir. Ilmiy salohiyatni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, yangi avlod tadqiqotchilarini ragʻbatlantirish borasida keng koʻlamli ishlar qilinmoqda. Shu bilan birga, xalq iborasi bilan aytganda, fanimiz “yosharib”, uning safiga yangi kuch, yangi fikr va yangi nafas kirib kelmoqda. Suhbatimizni aynan shu yoʻnalishdagi oʻzgarishlar tahlilidan boshlasak.
— Darhaqiqat, soʻnggi oʻn yilda olimlar hayotida, umuman,
milliy ilm-fanimiz taqdirida chuqur va tizimli oʻzgarishlar yuz berdi. Jamiyat
taraqqiyoti ilmga munosabat bilan chambarchas bogʻliq. Agar ilm eʼzozlansa,
taraqqiyot mustahkam boʻladi, agar eʼtibor susaysa, rivojlanish surʼati
sekinlashadi.
Taxminan 2000-yillarga kelib, Fanlar akademiyasiga va umumiy
ilm-fan sohasiga eʼtibor muayyan maʼnoda susayganini koʻramiz. Mazkur
jarayonning eng asosiy koʻrsatkichlaridan biri moliyalashtirish tizimidagi
oʻzgarishlar edi. 2000-yilga qadar Fanlar akademiyasiga qarashli institutlar va
olimlar toʻgʻridan toʻgʻri davlat byudjeti hisobidan taʼminlanardi.
Biroq keyinchalik yangi tizim joriy qilinib,
moliyalashtirish loyihalar asosiga oʻtkazildi. Yaʼni ilmiy jamoa innovatsiya
grantlarini yutib olsagina, moliyaviy taʼminotga ega boʻlardi. Bu, bir
qarashda, raqobat muhitini yaratishga xizmat qilgandek tuyulsa-da, amalda qator
murakkab muammolarni ham keltirib chiqardi.
Masalan, bir institutda oʻnga yaqin laboratoriya va shuncha
ilmiy maktab mavjud boʻlsa, ularning taqdiri loyiha yutish yoki yutmaslikka
bogʻliq boʻlib qoldi. Loyiha yutib olganlar moliyalashtirildi, yuta olmaganlar
esa qiyin ahvolga tushdi.
Natijada koʻplab ilmiy muassasalarda
qisqartirishlar boshlandi. Chunki loyiha tanlovlarida muayyan darajada
subyektiv omillar mavjud edi. Kimdir tashabbuskorlik va tashkilotchilik
qobiliyati bilan koʻproq grant yuta oldi, kimdir esa sof ilm bilan
shugʻullanib, bu jarayonda chetda qolib ketdi. Shular taʼsirida ayrim institutlar
sezilarli darajada qisqardi. Ilmiy xodimlar soni ham keskin kamaydi: agar
avval Fanlar akademiyasi tizimida 4-5 ming atrofida tadqiqotchi faoliyat
yuritgan boʻlsa, bu raqam keyinchalik qariyb ikki barobar kamaydi.
Qisqartirishdan esa tabiiy ravishda
avval yoshlar jabr koʻrdi. Chunki katta ilmiy darajaga
ega mutaxassislar saqlab qolinar, ilmiy yoʻlini endi boshlagan yoshlar esa
tizimdan chetlashtirilardi. Bu fanning “qarishi”ga, yaʼni yoshlar ulushi
keskin kamayishiga olib keldi. Vaqt oʻtishi bilan Fanlar akademiyasi koʻproq
yoshi ulugʻ olimlar jamlangan muassasaga aylanib qoldi.
Agar 1995-yilda akademiya aʼzoligiga
saylov boʻlib oʻtgan boʻlsa, keyingi saylov faqat 2017-yilga kelibgina
oʻtkazildi. Yaʼni qariyb yigirma ikki yil davomida jarayon toʻxtab qoldi.
— Uzoq yillar davomida akademiklar
saylovlari oʻtkazilmagani, ular soni qisqarib borgani ilmiy salohiyatning
yuzaga chiqishiga qanday taʼsir koʻrsatdi?
— Albatta, ilm-fan taraqqiyotida
yoshlarning oʻrni beqiyos. Chunki inson yoshi ulgʻaygan sari tajriba orttiradi,
ammo har kim ham yetmish yoshdan keyin faol ilmiy izlanish qilishi oson emas.
Katta avlod vakillari rahbarlik qilishi, yoʻl-yoʻriq koʻrsatishi, ilmiy maktab
yaratishi mumkin, lekin yangi gʻoya va qarashlar koʻpincha yoshlar qalbida
paydo boʻladi.
Shu bois, har qanday ilmiy muhitda
avlodlar uygʻunligi zarur. Ilmiy rahbarim, akademik Sarimsoqov bunday degan
edi: “Agar ilmiy jamoada faqat qariyalar boʻlsa, bu — tragediya, faqat yoshlar
boʻlsa, bu — komediya, agar barcha avlod vakillari jam boʻlsa, bu
simfoniyadir”. Bu juda chuqur falsafiy fikr. Chunki ilm bir vaqtning oʻzida
tajriba va shijoat, sabr va izlanish, anʼana va yangilik uygʻunligidir.
2012-yilda Matematika instituti direktori
edim. Institutimiz Fanlar akademiyasi tarkibidan chiqarilib, Milliy universitet
tasarrufiga oʻtkazilgan edi. Afsuski, bu jarayonda qator yirik ilmiy
muassasalar — Yadro fizikasi, Fizika-texnika kabi institutlar ham jiddiy
oʻzgarishlarga uchradi.
Bu muassasalar nafaqat ilmiy maktab,
balki noyob texnik salohiyatga ham ega edi. Masalan, lazer qurilmalari, yadro
reaktori kabi qimmatbaho va strategik ahamiyatga ega uskunalar mavjud boʻlgan.
Afsuski, ayrim jihozlar chet davlatlarga berildi, reaktor esa boshqa tizimga
oʻtkazildi. Vaholanki, bu obyektlar har bir davlatda ham uchramaydigan noyob
ilmiy infratuzilma edi. Bir vaqtlar Markaziy Osiyoda yagona boʻlgan yadro
reaktori aynan yurtimizda joylashgani ham bejiz emasdi. Bu, oʻz navbatida,
oʻzbek fizika maktabining yuksak salohiyatidan dalolat berardi.
Yana bir misol — Parkentda barpo etilgan
katta quyosh pechi. Bu inshoot dunyoda atigi ikki davlatda — Oʻzbekiston va
Fransiyada mavjud, ilmiy-texnologik jihatdan nihoyatda muhim obyekt. Afsuski,
muayyan vaqtlarda bu kabi noyob imkoniyatlardan toʻliq foydalanilmadi.
2017-yildan boshlab davlatimiz
rahbarining qator qaror va farmonlari qabul qilinib, sohada tub burilish
yasaldi. Ilmiy institutlar qayta tiklandi, ularning maqomi va vazifalari qayta
belgilandi. Matematika instituti ham yana Fanlar akademiyasi tarkibiga
qaytarilib, oʻzining tarixiy nomi va maqomiga ega boʻldi. Bu, shubhasiz,
ilm-fanga boʻlgan munosabatdagi tub burilish edi.
Albatta, infratuzilmani tiklash birinchi
qadam, eng katta muammo esa kadrlar bilan bogʻliq edi. Chunki oʻtgan yillar
davomida koʻplab iqtidorli olimlar chet ellarga ketib qolgan, ayrimlari esa
boshqa sohalarga oʻtib ketgandi.
— 2016-yil dekabr oyida Prezidentimizning
akademiklar va olimlar bilan uchrashuvi jamiyatda katta aks sado berdi.
Ayniqsa, bu ilmiy jamoatchilik uzoq kutgan voqea boʻldi. Keyinchalik koʻplab
muhim hujjatlar, jumladan, yaqinda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi faoliyatini
takomillashtirish boʻyicha qaror qabul qilindi. Mazkur hujjat doirasida qanday
ishlar amalga oshirilmoqda?
— Ha, bu haqiqatan ham nihoyatda
muhim va tarixiy ahamiyatga ega qaror boʻldi. Qaror, avvalo, Fanlar akademiyasining
jamiyatdagi oʻrni va rolini qayta belgilab berdi. Ilm- fan faqat nazariy
izlanishlar bilan cheklanib qolmasdan, unga mamlakat taraqqiyotining harakatlantiruvchi
kuchi sifatida qaraldi. Qaror doirasida oʻnga yaqin ustuvor yoʻnalish belgilab
olindi. Jumladan, zamonaviy bio va nanotexnologiyalar, sunʼiy intellekt va
kvant texnologiyalari yadroviy fan va radiatsion texnologiyalar, raqamli
tabiat va toza suv, qayta tiklanuvchi energetika, maʼnaviy meros kabi
strategik sohalarga alohida eʼtibor qaratildi. Bu esa ilmiy izlanishlarning
zamon talablari bilan uygʻunlashuvini taʼminlashga xizmat qildi.
Eng muhim yangiliklardan biri —
ilm-fan va ishlab chiqarish oʻrtasidagi uzviy bogʻliqlikni kuchaytirishga
qaratilgan mexanizmlar ishlab chiqilganidir. Chunki amaliyot koʻrsatdiki,
olimlar tomonidan yaratilgan koʻplab ixtiro va takliflar sanoatgacha yetib
bormay qolar, ishlab chiqaruvchilar esa oʻz muammolariga yechimni chet eldan
izlashga majbur boʻlardi. Bu esa milliy ilmiy salohiyatdan toʻliq
foydalanilmayotganini anglatardi.
Shu bois, qarorda fan va sanoat
oʻrtasida koʻprik vazifasini bajaradigan maxsus kengash tuzish nazarda
tutildi. Ushbu kengash Prezident Administratsiyasi huzurida faoliyat yuritib,
tarkibiga yetakchi olimlar va sanoat vakillari kiritildi. Endi olimlar oʻz
ishlanmalarini bevosita ishlab chiqaruvchilarga taqdim etadi, sanoat esa oʻz
muammolarini ochiq bayon qiladi. Agar oʻzaro manfaatli kelishuvga erishilsa,
loyihalarini amalga oshirish uchun davlat tomonidan grantlar ajratiladi.
Chunki har qanday ixtironi amaliyotga joriy etish uchun muayyan vaqt va
qoʻshimcha tadqiqotlar talab etiladi.
Aslida, bunday tizim ilgari ham
mavjud edi. Sobiq ittifoq davrida har bir yirik ishlab chiqarish tarmogʻining oʻz
ilmiy-tadqiqot instituti boʻlib, u ilm va sanoatni bogʻlab turuvchi asosiy
boʻgʻin vazifasini bajarardi. Keyinchalik bu tizim yoʻqolib ketdi. Natijada
bugungi kunda olimlar sanoatda qanday muammolar borligini toʻliq bilmaydi,
ishlab chiqaruvchilar esa ilmiy yechimni qayerdan topishni anglab yetmaydi.
Qarorda aynan shu masalaga alohida urgʻu berilgani bejiz emas.
Hujjatda yana bir muhim koʻrsatkich
belgilab qoʻyildi: Fanlar akademiyasi ilmiy xodimlarining kamida 60 foizini
yoshlar tashkil etishi lozim. Ushbu maqsadga erishish uchun akademiyaga besh
yil davomida har yili qoʻshimcha 140-150 ta shtat birligi ajratish belgilandi.
Bu, oʻz navbatida, yosh kadrlarni jalb qilish va ilmiy muhitni yangilashga
xizmat qilmoqda.
Shu bilan birga, qarorda oliy taʼlim
muassasalari bilan hamkorlikni mustahkamlash masalasi ham ilgari surildi. Chunki
fan va taʼlim bir-birini toʻldiruvchi tizimlardir. Fanni goʻzal koʻl deb tasavvur
qilsak, oliy taʼlim uni toʻyintiruvchi daryolardir. Agar bu daryolar qurisa,
koʻl ham sayozlashadi. Demak, ular oʻrtasida uzviy va doimiy aloqa boʻlishi
shart.
Yana bir muhim yoʻnalish — xorijda
faoliyat yuritayotgan vatandosh olimlarni yurtimizga jalb qilish masalasi. Ilgari,
afsuski, chet elga ketgan olimlarga nisbatan muayyan darajada salbiy munosabat
mavjud edi. Hatto ayrim hollarda ularning qaytishi ham murakkablashtirilgan.
Masalan, shogirdlarimdan ayrimlari AQSHga ketganidan soʻng qaytib kelishga
ikkilanib yurardi.
Boshqa davlatlar tajribasiga nazar
tashlasak, masalan, Xitoy bunday vaziyatda mutlaqo boshqacha yoʻl tutgan.
Ular ommaviy ravishda yoshlarni xorijga taʼlim olish uchun yuborgan va
ularning qaytishi yoki qolishiga qattiq cheklov qoʻymagan. Natijada bugun
dunyoning yetakchi universitetlarida faoliyat yuritayotgan olimlarning katta
qismi xitoyliklardan iborat.
Shu nuqtayi nazardan, biz ham chet
elda bilim olayotgan yoshlarimizni qoʻllab-quvvatlashimiz, ular bilan aloqani
mustahkamlashimiz va milliy taraqqiyotga jalb etishimiz zarur. Chunki haqiqiy
boylik tabiiy resurslar emas, balki inson kapitali, yaʼni bilimli, tafakkurli
va tashabbuskor avloddir.
— Ilmiy salohiyat masalasiga ham
toʻxtalib oʻtsangiz. Aytaylik, oʻn yillar avval ayrim tadqiqotlarda Oʻzbekistonning
ilmiy salohiyati ancha sust boʻlib qolgan edi. Bu holatni qanday izohlash
mumkin? Shuningdek, ilmiy tadqiqotlarning hayotiyligi, dolzarbligi va amaliy
ahamiyati nuqtayi nazaridan fundamental va amaliy fanlar oʻrtasidagi murakkab
bogʻliqliklar haqida fikr bildirsangiz.
— Bu juda oʻrinli va muhim savol.
Ilm- fan tabiatan ikki yoʻnalishga — fundamental va amaliy sohalarga
ajratiladi. Ular oʻrtasida aniq chegara yoʻq, balki bir-birini toʻldirib
boradigan, oʻzaro bogʻliq tizim sifatida namoyon boʻladi. Fundamental fan
haqiqatni izlash, tabiat va koinot qonunlarini anglashga qaratilgan chuqur
tafakkur mahsuli boʻlsa, amaliy fan shu bilimlarni hayotga tatbiq etish
vositasidir.
Koʻpincha jamiyat tez natija beruvchi
tadqiqotlarga koʻproq eʼtibor qaratadi. Bu tabiiy, chunki iqtisodiyot va
sanoatga tezkor yechimlar zarur. Biroq fundamental fanning qimmati shundaki,
uning samarasi darhol koʻrinmasligi mumkin, ammo vaqt oʻtishi bilan u butun
sivilizatsiya taraqqiyotiga taʼsir koʻrsatadi.
Men buni koʻpincha matematika misolida
tushuntiraman. Masalan, matematikada Yevklid geometriyasi mavjud. Unga koʻra,
bir toʻgʻri chiziqdan tashqarida joylashgan nuqta orqali faqat yagona parallel
(yaʼni berilgan chiziq bilan kesishmaydigan) chiziq oʻtkazish mumkin. Asrlar
davomida olimlar bu qoidani isbotlashga uringan, ammo natijaga erisha olmagan.
XIX asrda esa Nikolay Lobachevskiy
mazkur qarashni qayta koʻrib chiqib, “Bu isbotlanadigan teorema emas, balki
aksioma boʻlishi kerak”, degan xulosaga keldi va noyevklid geometriyasini
yaratdi. Unda bir nuqta orqali cheksiz koʻp parallel chiziqlar oʻtkazish mumkin.
Keyinchalik Bernxard Riman yana bir yangi geometriyani taklif qildi — unda esa
umuman parallel chiziqlar mavjud emas.
Bu nazariyalar yaratilgan paytda
ularning amaliy ahamiyati tushunarsiz boʻlgan, hatto baʼzilar tomonidan
“keraksiz” deb baholangan. Ammo vaqt oʻtishi bilan bu gʻoyalar butun fan va
texnologiya rivojiga zamin yaratdi. Masalan, Riman geometriyasi Albert
Eynshteyn tomonidan yaratilgan nisbiylik nazariyasida qoʻllanildi.
Lobachevskiy geometriyasi esa bugungi kunda sunʼiy yoʻldoshlar orqali
joylashuvni aniqlash — GPS texnologiyalarida muhim ahamiyat kasb etadi.
Misollardan koʻrinib turibdiki, fundamental
fan koʻpincha oʻz samarasini oʻnlab, hatto yuzlab yillardan keyin beradi.
Shuning uchun har qanday ilmiy gʻoyani “hozircha foydasi yoʻq” deb chetga
surish kelajak imkoniyatlaridan voz kechish bilan barobar.
Ilmiy salohiyat masalasiga kelsak, bu faqat raqamlar bilan
oʻlchanadigan koʻrsatkich emas. U jamiyatning bilim darajasi, ilmiy muhit
sifati, kadrlar tayyorlash tizimi va innovatsion fikrlash qobiliyatining
uygʻunligidir. Agar mamlakatda ilmiy salohiyat yuqori boʻlsa, investorlar
uchun ham muhim signal boʻladi. Chunki har qanday investor yangi texnologiya
olib kirishdan oldin bunday savol qoʻyadi: “Bu yerdagi mutaxassislar yangi
texnologiyani tushuna oladimi?”. Agar javob ijobiy boʻlsa, u eng zamonaviy
uskunalarni olib keladi. Aks holda, eski, samaradorligi past texnologiyalar
bilan cheklanishi mumkin.
Shu maʼnoda, ilm-fan nafaqat maʼnaviy, balki iqtisodiy kuch
hamdir. Bilimli jamiyatni aldash qiyin, chunki u har bir qarorni tahlil
qiladi, har bir texnologiyani anglaydi va tanlay oladi. Ilmiy salohiyati
yuqori mamlakat esa doimo raqobatbardosh boʻladi.
— Yosh olimlar va umuman, sohaga kirib kelayotgan yoshlar
haqida toʻxtaldingiz. Bugungi kunda ularning salohiyatini yuksaltirish, ilmga
jalb etish uchun qanday imkoniyatlar mavjud?
— Bu juda dolzarb savol. Chunki haqiqat shundaki, fan
yoshlarsiz rivojlana olmaydi. Ilm doimiy yangilanish, yangi qarash va yangi
tafakkur demakdir. Bu esa, avvalo, yoshlar orqali namoyon boʻladi. Shuning
uchun eng birinchi vazifa yoshlarda ilmga qiziqishni shakllantirishdir.
Soʻnggi oʻn yillikda jamiyatimizda
muhim bir oʻzgarishni kuzatyapmiz: ota-onalar farzandlarini ilmli qilishga,
ularni zamonaviy fikrlaydigan inson etib tarbiyalashga jiddiy eʼtibor qarata
boshladi. Buning asosiy sabablaridan biri davlatimiz rahbari tomonidan ilm-fanga
berilayotgan yuksak eʼtibordir. Chunki jamiyatda qaysi soha qadrlansa, yoshlar
aynan shu yoʻnalishga intiladi.
Yoshlarni ragʻbatlantirishda olimpiadalar
tizimi ham muhim oʻrin tutmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan xalqaro fan
olimpiadalari gʻoliblariga juda katta mukofotlar berilayotgani tarixiy yangilik
desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Masalan, oltin, kumush va bronza medal sohiblariga
katta miqdorda pul mukofoti, ularning ustozlariga ham munosib ragʻbat
berilayotgani yoshlarda ishonch va intilishni kuchaytirmoqda. Bir jihatdan
qaraganda, bu mehnat va isteʼdod qadrlanayotganining yorqin namunasidir.
Shu bilan birga, oliy taʼlim qamrovi
kengaygani ham muhim omil boʻldi. Bugungi kunda yoshlarning oliy taʼlimga
kirish imkoniyatlari ancha oshdi, yangi universitetlar, xorijiy oliygohlar
filiallari ochildi. Bu esa bilim olish yoʻllarini kengaytirdi va raqobat
muhitini shakllantirdi.
Biroq har qanday jarayonda boʻlgani
kabi bu yerda ham masalaning ikkinchi tomoni mavjud. Ayrim hollarda taʼlim
tizimida tijoratlashuv alomatlari kuzatilmoqda. Yaʼni baʼzi oliygohlar bilim
berishdan koʻra, koʻproq talabani jalb qilish va moliyaviy manfaatni ustuvor
qoʻyayotgani sir emas. Ayniqsa, iqtisodiyot, chet tillar, huquq kabi ommabop
yoʻnalishlarda bu holat koʻproq uchraydi.
Masofaviy taʼlim shakllarining
keskin koʻpayishi oʻziga xos savollarni keltirib chiqarmoqda. Albatta, bu
zamon talabi, muayyan maʼnoda qulaylik yaratadi. Ammo taʼlim sifati masalasi
doimo ustuvor boʻlib qolishi kerak. Chunki vaqt oʻtib, talaba mehnat bozoriga
chiqqanda uning haqiqiy bilimi namoyon boʻladi. Hayot — eng adolatli mezon.
Kadrlar masalasi ham muhim jihatlardan
biri. Ayrim nodavlat oliygohlar yuqori maosh taklif qilib, davlat universitetlaridagi
malakali oʻqituvchilarni jalb qilmoqda. Bu, tabiiyki, raqobatni kuchaytiradi,
ammo ayrim davlat oliygohlarida ilmiy-pedagogik salohiyat pasayishiga olib
kelishi mumkin. Shu bilan birga, yangi taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan
talabalarning bilim darajasi har doim ham yuqori emasligi kuzatiladi. Bu esa
taʼlim sifatiga jiddiy eʼtibor qaratishni talab etadi.
Menimcha, mazkur muammolarni hal
etish uchun aniq mexanizmlar joriy etish zarur. Masalan, taʼlim muassasalariga
litsenziya yoki sertifikat berishda ularning faoliyatini muayyan muddatdan
keyin qayta baholash amaliyotini joriy etish mumkin. Talabalar bilimini
mustaqil sinovlar orqali tekshirish, natijalarga qarab tegishli xulosalar
chiqarish lozim. Chunki eng katta yoʻqotish yoshlarning umri va ishonchidir.
— Olimlarning vijdoni haqida toʻxtaldik.
Umuman, haqiqiy olim qanday fazilatlari bilan ajralib turishi kerak? Uning ilmiy va insoniy sifatlari haqida nima deysiz?
— Bu juda nozik va muhim masala. Chunki olim faqat bilim
egasi emas, balki jamiyat uchun maʼnaviy namuna hamdir. Ilm nafaqat aql
mahsuli, u insonning ichki dunyosi, vijdoni va masʼuliyati bilan ham chambarchas
bogʻliq.
Olimlar turlicha boʻladi. Ayrimlari ilmiy jihatdan juda
kuchli, katta natijalarga erishadi, ammo atrofida shogirdlar shakllanmaydi.
Yana shunday olimlar borki, ular oʻz bilim va tajribasini
shogirdlariga sidqidildan oʻrgatadi, ularni ilmiy izlanishga chorlaydi. Aynan
shunday ustozlar atrofida ilmiy maktab shakllanadi. Ilmda yakkahokimlik emas,
balki jamoa boʻlib ishlash samarali. Chunki fikrlar toʻqnashuvi, bahs- munozara va
hamkorlik orqali haqiqatga yaqinlashiladi. Shogird esa nafaqat oʻrganuvchi,
balki koʻp hollarda ustoziga hamfikr, yelkadosh boʻladi.
Olimning qanday boʻlishi koʻp
jihatdan uning sohasiga ham bogʻliq, albatta. Lekin barcha sohalar uchun umumiy
bir haqiqat bor: olim, avvalo, oʻz fanining fanati boʻlishi kerak. Yaʼni u
ilmni kasb emas, balki hayot mazmuni sifatida qabul qilishi lozim. Ilmga
muhabbat boʻlmasa, katta natijalarga erishish qiyin.
Shu bilan birga, olimda insoniy
fazilatlar — kamtarlik, halollik, sabr-toqat va haqiqatga sadoqat boʻlishi
shart. Chunki ilm yolgʻonni qabul qilmaydi. Biror natijani sunʼiy ravishda
koʻrsatish yoki soxtalashtirish mumkin, ammo vaqt oʻtib, haqiqat baribir
yuzaga chiqadi.
Yana bir muhim jihat — shogird
masalasi. Olimning ortidan uning ilmiy merosini davom ettiradigan avlod
qolishi kerak. Agar olim oʻzidan keyin maktab qoldirmasa, uning faoliyati
muayyan maʼnoda uzilib qolishi mumkin. Shuning uchun haqiqiy olim nafaqat
kashfiyot qiladi, balki insonni tarbiyalaydi.
— Hozirgacha ilm-fan
haqida gapirganimizda, asosan, markaziy tizimga urgʻu berdik. Hududlarda
ilm-fan rivoji qanday kechmoqda? Ayniqsa, viloyatlar va hatto tumanlarda
universitetlar ochilayotgani qanday samara berishi mumkin?
— Bu juda muhim masala. Chunki ilm-fan faqat poytaxt
doirasida qolib ketmasligi, butun mamlakat boʻylab barqaror rivojlanishi
kerak. Soʻnggi yillarda aynan shu yoʻnalishda salmoqli ishlar qilindi.
Xususan, Fanlar akademiyasining qator filiallari viloyatlarda tashkil etildi va
ular mahalliy universitetlar bilan uzviy bogʻlandi.
Buning asosiy maqsadi —
hududlardagi intellektual salohiyatni yuzaga chiqarish. Chunki har bir
viloyatda iqtidorli yoshlar, malakali oʻqituvchilar bor. Ularga faqat imkoniyat
va ilmiy muhit kerak. Shu nuqtai nazardan, viloyatlardagi tajribali pedagoglar
xohishiga qarab, akademiya tizimiga toʻliq yoki oʻrindoshlik asosida jalb
qilinmoqda. Natijada bugun viloyatlardan ham kuchli fan doktorlari va ilmiy
kadrlar yetishib chiqmoqda.
Hududiy ixtisoslashuv ham muhim
jihatlardan biri. Masalan, akademiyaning ayrim filiallarini muayyan
yoʻnalishlarga ixtisoslashtirish rejalashtirilgan. Jumladan, Termizda
arxeologiya, Namanganda botanika, Samarqandda fizikaga alohida eʼtibor qaratish
koʻzda tutilmoqda. Bu har bir hududning tabiiy va ilmiy imkoniyatlaridan
samarali foydalanishga xizmat qiladi. Natijada shu sohalarga qiziqqan iqtidorli
yoshlar aynan oʻsha manzillarda jamlanib, ilmiy maktablar shakllanadi.
— Keyingi yillarda olimlarimiz
ajdodlarimiz ilmiy merosini oʻrganish asnosida xalqaro maydonda ham zamonaviy
yutuqlar bilan oʻz oʻrnini topmoqda. Bu borada qanday ishlar amalga oshirildi
va yana qanday natijalar kutish mumkin?
— Darhaqiqat, bugun Oʻzbekiston olimlari xalqaro miqyosda
tan olingan. Qator nufuzli ilmiy tuzilmalar, jumladan, Jahon fanlar
akademiyasi kabi tashkilotlarga vatandoshlarimiz aʼzo boʻlib, faoliyat yuritmoqda.
Bu ham milliy ilm-fan salohiyatining xalqaro eʼtirofidir.
Shuningdek, xorijlik olimlar bilan
hamkorlik izchil rivojlanmoqda. Qoʻshma tadqiqotlar, ilmiy konferensiya va
uchrashuvlar orqali tajriba almashinuvi kuchaymoqda. Bu jarayon nafaqat yangi
bilimlar olish, balki milliy ilm maktablarini dunyoga tanitish imkonini ham
beradi.
Gumanitar fanlar sohasida salmoqli
ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati
misolida tarixchilar, sharqshunoslar, matnshunoslar va boshqa mutaxassislar ajdodlarimiz
qoldirgan boy ilmiy merosni oʻrganish va targʻib etishda samarali mehnat
qilmoqda. Bu esa milliy oʻzlikni anglash va maʼnaviy merosni tiklashda muhim
ahamiyat kasb etadi.
Umuman olganda, bugungi kunda ilm-
fan sohasidagi islohotlar oʻz samarasini bermoqda. Eng muhimi, bu jarayon
uzluksiz davom etishi kerak. Chunki ilm bir kunlik emas, balki avlodlar mehnati
bilan yaratiladigan buyuk qadriyatdir.
— Mazmunli
suhbatingiz uchun katta rahmat!