Buxoro shahrining Hofiz Tanish Buxoriy, Zulfiya, Qayum Murtazoyev, Ibrohim Moʻminov va Sanoatchilar koʻchalariga tutash hududlarda samarasiz yotgan 83 gektar maydonda “Bukhara City” majmuasi barpo qilinyapti. Bunda keng qamrovga ega loyiha menejeri sifatida Turkiyaning “Studio Vertebra” kompaniyasi bilan oʻzaro teng manfaatli hamkorlik shartnomasi imzolangan.

Loyihaning jami qiymati 550 million dollarini tashkil etadi. Unda 24,9 gektarda 38 ta lotdan iborat turar joy (birinchi va ikkinchi qavatlarida tijorat obyektlari) binosi, 6,6 gektardan iborat 12 ta lotda zamonaviy mehmonxonalar, 3 gektar maydonda bank va ofis binolari, 1,7 gektardan iborat 5 ta lotda xalq taʼlimi muassasalari, 5,3 gektarda sport kompleksi, tibbiyot klinikasi va boshqa turdagi ijtimoiy obyektlar (muzey, ilmiy markaz, kutubxona, yoshlar markazi) oʻrin olishi belgilangan.

Shuningdek, loyihaga koʻra Buxoroda ilk bor 1,1 gektar maydonda 32 qavatli bino, 1,7 gektarda ekspomarkaz hamda 1,4 gektarda texnopark ham aynan ushbu hududda qurilishi koʻzda tutilgan. Bundan tashqari, 26 lotda 1 ming 810 ta xonadonga moʻljallangan turar joy binosi, 5,3 gektar yerda 2 mingdan ortiq ish oʻrni yaratilishi kutilayotgan muhtasham savdo kompleksi, har biri 150 oʻringa moʻljallangan zamonaviy mehmonxonalar, 80 oʻrinli maktabgacha taʼlim muassasasi va kafe binolari uchun yer maydonlari ajratilgan. Hozirda AQSH, turk, rus, koreys investorlari bilan bir qatorda 14 ta mahalliy tadbirkorlik subyekti — investorlar hududda oʻz loyihasini amalga oshirishga kirishgan.

Joriy yil 1-oktyabr holatiga, “Bukhara City” loyihasiga tegishli 73 obyektning 36 tasi, yaʼni 49 foizi tadbirkorlarga sotilgan. Qolgan obyektlar boʻyicha xorijiy investorlar bilan muzokaralar olib borilyapti.

Muxtasar aytganda, oʻzining buyuk tarixi, qadimiy obidalari bilan jahon ommasini oʻziga qaratgan navqiron Buxoro bugun ishbilarmonlar uchun imkoniyat eshiklarini ochmoqda, deb xabar beradi “Dunyo” AA.