“Bukhara Desert Oasis & SPA” tematik sayyohlik maskani ochildi

    Buxoro viloyatining Romitan tumanida “Bukhara Desert Oasis & SPA” tematik sayyohlik maskanining rasmiy ochilish marosimi oʻtkazildi.

    Tantanali tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Buxoro viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etildi. Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Ulugʻbek Azamov Bosh vazir oʻrinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi Aziz Abduhakimovning tabrik soʻzlarini oʻqib eshittirdi.

    “Bugun yurtimizda turizm sohasini pandemiya sharoitiga moslashtirgan holda rivojlantirishning dolzarb choralari koʻrilmoqda. Bu borada Respublika maxsus komissiyasining 12-avgustdagi qaroriga muvofiq, 15-avgustdan boshlab avtotransport vositalari harakati, mahalliy avia va temir yoʻl qatnoviga ruxsat berilib, sanatoriylar, pansionatlar, bolalar oromgohlari, mehmonxonalar, mehmon uylari, plyajlar, xostellar va boshqa dam olish maskanlari faoliyati tiklangani sayyohlik uchun keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Qisqa muddatda foydalanishga topshirilayotgan ushbu obyekt tez fursatda mahalliy va xorijiy mehmonlarning sevimli joyiga aylanib ulguradi”, - deya barchani yangi tematik maskanning ochilishi bilan qutladi Ulugʻbek Azamov. Tadbirda qatnashgan Buxoro viloyati hokimi oʻrinbosari Botir Shahriyorov ushbu loyiha hech bir sayyohni befarq qoldirmasligini taʼkidladi:

    Buxoroda turizmni rivojlantirish boʻyicha 2017-yil 19-mayda Prezidentimizning alohida qarorlari qabul qilingan. Shu qaror doirasida belgilangan vazifalar orasida Buxoroning nafaqat tarixiy qismida, balki qishloq joylari va choʻl hududlarida ham turistik obyektlarni barpo etishni yoʻlga qoʻyishga eʼtibor qaratilgan. Mana bugun shu vazifalar ijrosiga guvoh boʻlyapmiz. Bu – yangi yoʻnalish, yangi turistik mahsulot desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Bu kabi obyektlar ilgari boʻlmagan va ishonchimiz komilki, u har bir mehmonning koʻnglidan joy oladi”. Ochilish marosimida shuningdek, Buxoro viloyati hokimi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Farhod Umarov, Innovatsion turizm klasteri gʻoya muallifi Tuygʻun Boboyev, art direktori Nargiza Marzaulukova, “Safari Vogue” MCHJ rahbari, innovatsion turizm klasteri ijrochi direktori Nasriddin Fayziyev va boshqa mutasaddi rahbarlar qatnashdi. Bundan tashqari, tadbir doirasida Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan OAV vakillari uchun info-tur tashkil etildi.

    Marosim doirasida maʼlum qilinishicha, Buxoro viloyatida bugunga qadar jami 8550 oʻringa ega 366 joylashtirish vositasi, 121 sayyohlik kompaniyasi va 125 ta sayyohlar tashrif buyuruvchi obyektlar faoliyat yuritib kelmoqda. “Bukhara Desert Oasis & SPA” shular qatorida eng sayohatbop maskanlardan biriga aylanishi kutilmoqda.

    “Bukhara Desert Oasis & SPA” majmuasi ushbu hududning 10 gektar maydonini egallagan boʻlib, qoʻshimcha 30 gektar maydonda agro-eko bogʻlar va issiqxonalar barpo etilgan. Obyektning birinchi bosqichida - 500 nafar, keyingi bosqichlarida esa bir vaqtning oʻzida 1000 nafardan ortiq dam oluvchi va sayyohlarni qabul qilish imkoniyati yaratiladi. Eʼtiborlisi, bu tematik dam olish maskani mahalliy aholini 100dan ortiq yangi ish oʻrni bilan taʼminlaydi.

    Shuningdek, sayyohlik obyektida oʻrta asrlardagi Buxoroning tarixiy manzaralari - Varaxsha terassasi, Sardoba, karvonsaroy majmuasi, plyaj, hozirda 80 oʻringa moʻljallangan oʻtovlar, milliy va Yevropa taomlari restoranlari, tibbiyot burchagi, sogʻlomlashtirish maskani, sport oʻyingohi, ot sporti maydoni, avtoturargoh, kvadratsikllar, ot va tuyalarda sayohat, elektromobil, jip kabi turli qoʻshimcha xizmatlarni ham oʻz ichiga oladi.

    Ushbu ertaknamo maskanga tashrif buyuruvchilar uchun ochiq tabiat qoʻynida ajoyib teatrlashtirilgan tomoshalar va koʻngilochar shou dasturlari namoyishi yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, bu mehmonlarning xotirasida bir umrga muhrlanib qolishi shubhasiz.

    Tahllilarga koʻra, 2019-yilda Buxoroga tashrif buyurgan sayyohlar oqimi qariyb, 3,5 baravarga birgina xorijiy turistlardan viloyat iqtisodiyotiga 130 mln. dollardan ziyod tushum kuzatilgan, bu esa 4 yil avvalgi koʻrsatkichga (25 mln.doll.) nisbatan 5 baravarga koʻp demakdir. Shunday ekan, serdaromad turizm rivojida zarur infratuzilma barpo etilishi, yangi turistik yoʻnalish va xizmat turlarining koʻpayishi muhimdir.