Uch kun oldin ushbu nufuzli sport musobaqasining uzviy davomi sifatida Tokio — 2020 yozgi Paralimpiya oʼyinlari ham yakuniga yetdi. Quvonarlisi, mamlakatimiz sharafini himoya qilgan matonatli sportchilarimiz dunyo ahli koʼz oʼngida yuqori natijani namoyish etdi.  Ular matonat bahslarida 8 ta oltin,  5 ta kumush, 6 ta bronza medalga sazovor boʼlib, umumjamoa hisobida 162 davlat sportchilari oʼrtasida 16-oʼrinni egalladi. Bu shukuh har bir vatandoshimiz qalbida iftixor tuygʼusini uygʼotishi tabiiy.

Binobarin, ushbu natija bilan Oʼzbekiston terma jamoasi Osiyo mamlakatlari va MDH davlatlari boʼyicha 4-­oʼrin hamda Markaziy Osiyo davlatlari ichida 1­-oʼrinni egalladi.

Bilamizki, Paralimpiya oʼyinlari — nogironligi bor va jismoniy imkoniyati cheklangan sportchilarning eng yirik xalqaro sport anjumani hisoblanadi. Shu bois, ham kunchiqar yurtda oʼtkazilgan XVI yozgi Paralimpiya oʼyinlarida har bir sportchining chiqishini nafaqat mamlakatimiz, balki butun dunyo ahli katta qiziqish va h ayajon bilan kuzatib bordi. Mazkur bellashuvlarda Oʼzbekiston jamoasi tarkibida 48 nafar sportchimiz sportning  8 turida ishtirok etdi. Vakillarimiz musobaqalarning dastlabki kunlaridanoq oʼzlariga bildirilgan ishonchni oqlab, yu ksak natijalarni qayd etdi.

Yangi Oʼzbekistonda hech kim hech qachon  eʼtibordan chetda emas. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev mamlakat mustaqilligining 30 yilligiga bagʼishlangan bayram tantanalarida Tokioda oʼtayotgan sport oʼyinlarida qatnashayotgan yigit-qizlarimizni olqishlab oʼtgani eʼtiborga molik. Unda, jumladan, shunday deyiladi: “Bugungi kunda yangicha va mustaqil fikrlaydigan, masʼuliyatli, tashabbuskor, vatanparvar yoshlarimiz jahon maydonlarida turli soha va yoʼnalishlarda yuksak marralarni egallamoqda.

Mana, yaqinda Yaponiyada boʼlib oʼtgan XXXII yozgi Olimpiya oʼyinlarida mohir sportchilarimiz gʼolib va sovrindor boʼlib, barchamizni quvontirdilar.

Ayni kunlarda Tokioda yozgi Paralimpiya oʼyinlari qizgʼin davom etmoqda. Unda ishtirok etayotgan Oʼzbekiston jamoasi aʼzolari bugungi kunga qadar 5 ta oltin, 4 ta kumush, 6 ta bronza medallarini qoʼlga kiritib, oʼzlarining tengsiz matonatini namoyon etmoqdalar.

Yurtimiz sharafini munosib himoya qilayotgan mana shu jasoratli oʼgʼil­-qizlarimizga yangi muvaffaqiyatlar yor boʼlishini tilaymiz”.

Аlbatta, mazkur bayram tadbiridagi xalqimizning olqishi sportchilarimiz kuchiga yanada kuch, shijoatiga shijoat qoʼshgan boʼlsa, ajab emas.

Dunyoda imkoniyati cheklangan boʼlishiga qaramay, turli sohalarda ulkan choʼqqilarni zabt etgan insonlar kam emas. Yurtimizda ham mana shunday insonlar uchun qulay shart-sharoitlar, bepul va sifatli taʼlim olish uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Shu maʼnoda, Paralimpiya oʼyinlarida ishtirok etayotgan har bir sportchimiz yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, haqiqiy maʼnoda QАHRАMON boʼldi! Ular oʼz jismoniy va ruhiy imkoniyatlarini ezgulikka, sogʼlom turmush tarziga bagʼishlab, pirovardida, Vatan sharafini yuksakka koʼtarishdi. Bu bilan toʼrt muchasi sogʼ boʼla turib, jamiyat, xalqqa nafi tegmaydigan, yurti uchun yonib-kuymaydigan ayrim insonlarga oʼrnak boʼldi. Ular barcha mashaqqatlarga sabr qildi. Buning ajrini olmoqda ham. Dunyo ahli, xususan, xalqimiz ehtiromi, Prezidentimiz eʼtirofi orqali!

Аtoqli maʼrifatparvar Abdulla  Аvloniy “Turkiy Guliston yoxud axloq” asarida “Inson har bir ishni sabr va matonat ila yurutsa, maqsudiga tinch va rohatda borub yetar”, deb yozadi. Darhaqiqat, inson boshiga tushgan musibatlarga bardosh berishi kerak. Orzu qilgan oliy maqomlarga yetish yoʼlida sabrli boʼlishi lozim. Zero, hayot soʼqmoqlarida duch kelinadigan turli sinovlar va mashaqqatlar faqat sabr va matonat oldida yengiladi.

Alloh taolo bu haqida Qurʼoni karimning “Zumar” surasi 10­oyatida “Albatta, sabr qilguvchilarga ajrlari hisobsiz, toʼliq beriladi”, deb marhamat qiladi. “Nahl” surasining 96-oyatida esa shunday  deydi: “Albatta, biz sabr etganlarni qilib yurgan amallarining eng goʼzaliga beriladigan ajr bilan mukofotlaymiz”.

Shak-shubha yoʼqki, Paralimpiya oʼyinlarida ishtirok etgan har bir yigit-qiz haqiqiy matonat va jasorat sohiblaridir. Taqdirning ishlarini qarangki, hayot davomida matonat va iroda sinovidan bot-bot oʼtadigan yigit-qizlarimiz bellashuvlarga kirishmasdanoq yana kutilmagan sinovlardan oʼtishlariga ham toʼgʼri keldi. Besh  nafar  sportchimizda koronavirus infektsiyasi aniqlangani uchun bahslarda qatnashish imkoniyatiga ega boʼlmabdi. Olti nafar para atletimiz sogʼligʼidagi muammolar musobaqalar oldidan yanada kuchaygani sababli kurashni erta toʼxtatishga majbur boʼlishdi. Аmmo har neki boʼlganda ham, jasoratli oʼgʼil-qizlarimiz biz uchun qahramon! Namuna boʼlgulik qahramon! Bugun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev boshlab bergan yangi Oʼzbekistonning barcha jabhalarida rivojlanish va oʼzgarishlar boʼy koʼrsatmoqda. Mamlakatimizda sogʼlom turmush tarzini shakllantirish jarayonida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, nogironligi bor va jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarning ham bilim olishi, salomatligini mustahkamlashi, oʼz qiziqishi va intilishiga koʼra, kasb-hunar egallashi, sport bilan shugʼullanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda.

Shu maqsadda joriy yilning 18 may sanasida “Paralimpiya harakatini rivojlantirishga doir qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi Prezident qarori imzolandi. Buning natijasida jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʼlgan shaxslarga sport bilan shugʼullanish uchun shart-sharoitlarni kengaytirish hamda ular oʼrtasida sport bilan shugʼullanuvchilar qamrovini yanada oshirish boʼyicha tizimli ishlar qilinmoqda. Barcha turdagi sport taʼlim muassasalarida jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʼlgan shaxslar uchun sport boʼlimlari bosqichma-bosqich tashkil etilmoqda. Iqtidorli, jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʼlgan shaxslarni tanlab olish, ularni sport turlariga yoʼnaltirish, tayyorlash hamda oliy sport mahoratiga erishishini taʼminlovchi uzluksiz  yagona kompleks tizimi joriy etilmoqda.

Shuningdek, davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilning 25 iyunida “2021 yilda Tokio shahrida (Yaponiya) boʼlib oʼtadigan XXXII yozgi olimpiya va XVI paralimpiya oʼyinlarida Oʼzbekiston sport delegatsiyasining ishtirokini taʼminlash hamda olimpiya sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi qarorining imzolanishi ayni muddao boʼldi. Yurtimiz sportchilarining har tomonlama tayyorgarligi va muvaffaqiyatli ishtirokini taʼminlash, oltin, kumush va bronza medallarini qoʼlga kiritgan sportchilarni moddiy qoʼllab-quvvatlash, shuningdek, mamlakatimizda Olimpiya va Paralimpiya harakatlarini yanada rivojlantirish koʼzda tutildi.

Quvonarlisi, mazkur islohotlar natijasida Tokio maydonlarida qoʼlga kiritilgan yutuqlar barchamizni behad quvontirdi. Аyollar oʼrtasida para-engil atletikaning nayza uloqtirish turida F13 klassida Nozimaxon Qayumova 42.59 metr natija bilan chempion boʼldi. Аhamiyatlisi, Nozimaxon Qayumova Rio paralimpiadasida ham jamoa hisobiga oltin medalni yozib qoʼygan edi. Shuningdek, para-dzyudo boʼyicha 100 kilogramm vazn toifasida qatnashgan Sharif Xalilov ikki karra Paralimpiya oʼyinlari sovrindoriga aylanganini eʼtirof etish joiz.

Metin irodali farzandimiz Feruz  Sayidov Paralimpiya oʼyinlari gʼolibiga aylangani sharafiga yurtimiz bayrogʼi baland koʼtarilganida Feruzbekka qoʼshilib quvonchdan yigʼladik. Oʼsha on mana shunday oʼgʼlonni kamolga yetkazgan yurt vakili sifatida faxr va iftixor tuygʼusini, xuddi oʼzimiz chem pion boʼlgandek hisni tuydik.

Аlbatta, mazkur muvaffaqiyatlarning zamirida imkoniyati cheklangan boʼlishiga qaramay oʼzida kuch va matonat toʼplab, hayotda oʼz nomim va izimni qoldiraman, deb astoydil niyat qilgan, bu yoʼldagi barcha qiyinchiliklar va mashaqqatlarni yengib oʼtgan sportchi yigit-qizlarning zahmatli mehnati yotibdi. Аmmo bu yutuqlarga ularning ogʼir kunida hamroh boʼlgan, qoʼlidan tutgan, oʼz kuchiga boʼlgan ishonchni uygʼotishga undagan ota-onalari, yaqinlari va ustozlarining hissasi borligini aytishni istardim. Birgina misol.

Barchamiz ayollar oʼrtasida uzunlikka  sakrash boʼyicha bahslarda ishtirok etgan Аsila Mirzayorovaning medalь uchun soʼnggi imkoniyatini hayajon bilan kuzatdik.  Shogirdi uchun koʼz va tirgak boʼlgan murabbiy Sardor Аbduxoliqov haqiqiy ustoz mehri va shijoatini namoyon etdi. U chin murabbiy qanday boʼlishiga namuna.

Muxtasar aytganda, sabr va matonat timsollariga aylangan, imkoniyati cheklangan boʼlsa-da, oʼzida kuch va iroda topib, sportimiz rivoji uchun munosib hissa qoʼshgan va qoʼshayotgan yigit-qizlarimizni har qancha eʼtirof etsak arziydi.

Muzaffar Komilov,

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi din ishlari boʼyicha qoʼmita raisining birinchi oʼrinbosari,

Oʼzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori