Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligida xizmatlar koʻrsatish agentligi “Issiqxona xoʻjaliklarini rivojlantirish” boʻlimi boshligʻi Shavkat Azizovning bildirishicha, bozorlardagi ushbu mahsulotning narxini koʻtarilishiga yanvar oyida keskin sovuq boʻlganligi va oʻsimlikning vegetatsiya davrida yetarli darajada issiqlik bilan taʼminlay olinmaganligi sababli stressga tushgani va shuning natijasida yetishtirish davri 20-25 kunga kechikdi.
Hozirda mamlakatimizdagi issiqxonalarda aholini ehtiyojini qondirish, ichki bozorlarni taʼminlash uchun yetarli miqdorda bulgʻor qalampirlari yetishtirilmoqda. Aprel oyining ikkinchi yarmida bulgʻor qalampirining narxi barqarorlashishi kutilmoqda.
Tomorqa xoʻjaligiga asoslangan issiqxona egasi Faxriddin Kenjaboyev oʻtgan yilgi bulgʻor qalampiridan olingan hosil yaxshi boʻlgani uchun 5 sotixli issiqxonasini 7 sotix kengaytirganini maʼlum qildi. Issiqxonada 20 darajali issiqlik boʻlsagina bulgʻor qalampirlari oʻsishda davom etadi.
Agar harorat bundan pasayib ketsa, bulgʻor qalampirlari stressga tushib, uning rivojlanishi sekinlashadi. Albatta, keskin sovuq paytida issiqxonadagi bulgʻor qalampirini yetishtishning oʻzi boʻlmadi. Ushbu issiqxonada bulgʻor qalampirining dastlabki hosili mart oyining oʻrtalarida terib olindi. Hozirda hosilga hosil qoʻshilib bormoqda. Bu esa, bozorlarimizga yanada koʻproq bulgʻor qalampiri yetkazib berilishini va narx-navo ham shunga yarasha arzonlashishini koʻrsatadi.