Atmosfera havosining sifatini yaxshilash, shahar va hududlarda yashil maydonlarni kengaytirish, ekologik taʼlim va madaniyatni yuksaltirish, shuningdek, choʻllanishga qarshi kurashishning ilmiy va amaliy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslar koʻrib chiqildi.

Avvalo, “Toza havo” umummilliy loyihasi doirasida rejalashtirilgan ishlar haqida axborot berildi.

Qayd etilganidek, bugungi kunda Toshkent shahrida havoning ifloslanish darajasi belgilangan meʼyordan yuqori boʻlishi holatlari kuzatilmoqda. Bu Navoiy, Fargʻona, Chirchiq va Termiz shaharlarida ham qayd etilmoqda. Havo ifloslanishining asosiy omillari sifatida sanoatning oʻsishi, uglerod yoqilgʻilaridan keng foydalanish, transport vositalari sonining koʻpayishi, tabiiy omillar va nazoratning yetarli emasligi koʻrsatib oʻtildi.

Shu munosabat bilan 2030-yilga qadar atmosferaga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalar hajmini qisqartirish, sanoat obyektlarida tashlamalarni ushlab qolish ulushini oshirish, transportdan chiqadigan zararli moddalarni kamaytirish hamda PM2,5 boʻyicha meʼyordan oshish kuzatiladigan kunlar sonini pasaytirish asosiy maqsadlar etib belgilangan.

Amalga oshirilgan tezkor choralar natijasida Toshkent shahrida havo sifati muayyan darajada yaxshilangan. Jumladan, 2026-yil yanvar-fevral oylarida PM2,5 konsentratsiyasi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan sezilarli pasaygan. Endi bu yoʻnalishda hududiy dasturlar bosqichma-bosqich qabul qilinib, har bir viloyatda tahlil va diagnostika, yagona havo monitoringi hamda ifloslanish manbalarini inventarizatsiya qilish ishlari tashkil etiladi.

“Toza havo” loyihasida energetika va sanoat tarmoqlariga alohida eʼtibor qaratilgan. Mahsulotining maʼlum qismini muqobil energiya hisobiga ishlab chiqaradigan korxonalarga soliq imtiyozlari va moliyaviy ragʻbatlar berish, avtomatik monitoring stansiyalari, filtrlar, chang-gaz tozalash hamda energiya samarador uskunalarni keng joriy etish koʻzda tutilgan. Toshkent shahri va unga tutash hududlardagi sanoat korxonalarida majburiy avtomatik monitoring postlari oʻrnatilib, ularning maʼlumotlari yagona geoaxborot tizimiga integratsiya qilinadi. Bunday talablarga amal qilmagan subyektlar uchun kompensatsiya toʻlovlari keskin oshiriladi.

Qurilish sohasida ham ekologik talablar kuchaytiriladi. Yangi quriladigan yirik obyektlarni loyihalashtirishda koʻkalamzorlashtirish darajasini oshirish, qurilish materiallarini yopiq sharoitda saqlash, chiqindilarni maxsus quvur va konteynerlar orqali tushirish, maydonlarni himoya toʻsiqlari bilan oʻrash, onlayn kuzatuv kameralarini oʻrnatish kabi talablar belgilanmoqda.

Shuningdek, “shamol yoʻlaklari”ni saqlash, ekologik ekspertiza xulosasini qurilish jarayonlarida majburiy hisobga olish, shaharning ekologik va suv resurslarini boshqarish boʻyicha master-reja ishlab chiqish taklif etildi.

Tabiiy chang omillarini kamaytirish boʻyicha ham aniq choralar belgilangan. Toshkent shahri atrofida “yashil belbogʻ” barpo etish, Surxondaryo va Sirdaryoda chang boʻronlarining oldini olish uchun “yashil devor”lar tashkil qilish, sunʼiy koʻllar va suv havzalarini barpo etish, poytaxt tumanlarida favvoralarning sonini koʻpaytirish, barglarni kompost va mulcha sifatida qayta ishlash amaliyotini yoʻlga qoʻyish shular jumlasidandir. Bularning barchasi havo tarkibidagi chang zarrachalarini kamaytirish va shahar muhitini sogʻlomlashtirishga xizmat qiladi.

Transport sohasida havoni muhofaza qilish boʻyicha alohida yoʻnalishlar ham belgilangan. Motor yoqilgʻisi standartlarini bosqichma-bosqich kuchaytirish, avtotransport vositalarini “qizil”, “sariq” va “yashil” stikelarni bergan holda ekologik toifalarga ajratish, texnik koʻrikni ekologik talablar bilan bogʻlash, eski avtotransportni yangilash dasturlarini amalga oshirish, jamoat transporti ulushini oshirish nazarda tutilmoqda. Bu orqali yoʻl harakati bilan bogʻliq ifloslanish hajmini qisqartirish, ayniqsa, yirik shaharlar markazida havo sifatini yaxshilash maqsad qilingan.

“Toza havo” loyihasining muhim tarkibiy qismi sifatida issiqxonalar masalasi ham muhokama qilindi.

Toshkent shahri va Toshkent viloyatida issiqxona xo‘jaliklari juda ko‘p, ular orasida isitish manbalari sifatida ko‘mir, mazut va nostandart yoqilg‘idan foydalanuvchi issiqxonalar ulushi ham yuqori, ular chiqarayotgan NO2, SO2 va PM2,5 kabi xavfli moddalar havo sifatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatayotgani qayd etildi. Qolaversa, Toshkent hududida yillik quyosh nurlanishi qolgan hududlarga qaraganda nisbatan past bo‘lgani sababli bu yerda issiqxonada mahsulot yetishtirish xarajati ancha baland. Masalan, yanvar oyida Toshkentda o‘rtacha harorat Selsiy bo‘yicha 6 daraja issiq bo‘lsa, Termizda – 10,8 daraja issiq. 1 tonna issiqxona mahsulotini yetishtirish xarajati Toshkent viloyatida 11,9 million so‘mni, Surxondaryoda esa 4,9 million so‘mni tashkil etadi.

Mahsulotlarni insolyatsiya darajasi yuqori bo‘lgan hududlarda yetishtirish issiqxona xo‘jaliklarining moliyaviy holati uchun ham, ichki bozordagi narx barqarorligi nuqtayi nazaridan ham manfaatli hisoblanadi. 

Shu bois, Toshkent shahri va unga tutash hududlardagi issiqxonalarni energiya tejamkor va tabiiy-iqlim sharoiti qulay boʻlgan hududlarga bosqichma-bosqich koʻchirish taklifi bildirildi. Xususan, Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida kamida 940 gektar maydonda agropark tashkil etish rejalashtirilgan. Bu hududda quyosh nurlanishi yuqori, qish nisbatan yumshoq, isitish xarajatlari ancha past boʻlib, bu mahsulot tannarxini keskin tushirish imkonini beradi.

2026-yil 1-oktabrdan boshlab Toshkent shahri va unga tutash hududlarda yangi issiqxona tashkil etishni cheklash, shu bilan birga, koʻchirilayotgan xoʻjaliklarga infratuzilma, kredit va logistika boʻyicha imtiyozlar berish nazarda tutilmoqda.

Taqdimotda “Yashil makon” doirasida botanika va dendrologiya bogʻlari konsepsiyasi yuzasidan axborot berildi. Qayd etilganidek, botanika bogʻlari mahalliy va xorijiy oʻsimliklarni oʻrganish, saqlash, koʻpaytirish va namoyish etishga xizmat qilsa, dendrologiya bogʻlari daraxt va buta turlarini introduksiya qilish, akklimatizatsiya qilish va ilmiy asosda parvarishlashga ixtisoslashgan hududlar hisoblanadi. Konsepsiyaga koʻra, botanika bogʻlarida turli floristik ekspozitsiyalar, oranjereya, koʻchatxona, koʻl, ichki yoʻlaklar, besedka va gulxona kabi obyektlar joylashtiriladi.

Hozirgi kunda mamlakatimizda 3 ta botanika bogʻi mavjud boʻlsa, loyiha doirasida yana 12 ta botanika va 16 ta dendrologiya bogʻini tashkil etish rejalashtirilgan. Bu jarayonda har bir hududning tuproq-iqlim sharoiti hisobga olinib, mos daraxt va butalar tanlanadi.

2028-yilga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahrida maydoni 100 gektardan kam boʻlmagan botanika va dendrologiya bogʻlarini tashkil etish reja qilingan. Natijada 2030-yilgacha mamlakatda umumiy yashillik darajasini 14,2 foizdan 30 foizgacha oshirish, PM2,5 va PM10 konsentratsiyasini 20-25 foizga kamaytirish, iqlimi ogʻir hududlarda havo haroratini oʻrtacha 1,5-2 darajaga pasaytirish maqsad qilingan.

Shu bilan birga, poytaxtda Milliy dendrologiya bogʻini barpo etish konsepsiyasi ham taqdimot qilindi. Ushbu yirik yashil hududning umumiy maydoni 108 gektarni tashkil etishi belgilangan. Loyiha doirasida 50 ming tup daraxt koʻchati va 100 ming tup buta oʻsimliklari ekilishi nazarda tutilgan. Park biologik xilma-xillikni saqlash, havo sifatini yaxshilash, uglerod yutilishini oshirish, ilmiy tadqiqot va seleksiya ishlarini yoʻlga qoʻyish, shuningdek, shahar mikroiqlimini sogʻlomlashtirishga xizmat qiladi. Bogʻ havo haroratini 2-4 darajaga pasaytirib, namlikni 10-15 foizga oshirishi mumkin.

Milliy dendrologiya bogʻi faqat koʻkalamzor hudud emas, balki ilmiy, maʼrifiy va jamoat makoni sifatida ham shakllantiriladi. Unda “Dunyo daraxtlari” hududi, 6 ta iqlim mintaqasiga xos oʻsimliklar kolleksiyasi, mevali va mahalliy daraxtzorlar, dorivor oʻsimliklar bogʻi, oranjereya, gulzorlar, dam olish maydonlari, piyodalar va velosiped yoʻlaklari, avtoturargoh, tashrif buyuruvchilarni kutib olish maydoni barpo etiladi.

Bogʻning markaziy qismida 1 gektarlik sunʼiy koʻl va uning atrofida sakura bogʻi tashkil qilish rejalashtirilgan. Park infratuzilmasida quyosh panellari, qayta ishlangan materiallardan tayyorlangan skameyka va besedkalar, avtomatlashtirilgan tomchilatib sugʻorish tizimi kabi zamonaviy ekologik texnologiyalardan foydalanish koʻzda tutilgan. Bu yer Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishi universiteti (“Green University”) uchun tabiiy laboratoriya, aholi uchun esa bioturizm va ekotaʼlim markaziga aylanadi.

“Ekomadaniyat” umummilliy loyihasi doirasida ekologik taʼlim, ilm-fan va targʻibotni bir-biriga bogʻlagan holda yangi tizim yaratish rejalashtirilgan.

Mazkur sohada xalqaro standartlarga mos mutaxassislar yetishmayotgani, aholi oʻrtasida ekologik ong va barqaror odatlar hali yetarli darajada shakllanmagani, innovatsiya va iqlim texnologiyalarini amaliyotga joriy qila oladigan kadrlar taqchilligi mavjudligi qayd etildi. Shu munosabat bilan 2026/2027-oʻquv yilidan boshlab 14 ta hududda “yashil texnikumlar” tashkil etilib, ular “Green University” tizimiga akademik hamkorlik asosida biriktiriladi.

Loyihaga koʻra, tayyorlanadigan oʻquvchi va talabalar soni yil sayin oshirilib, 2028-2029-oʻquv yiliga borib, 10 ming nafarga yetkaziladi. Bakalavriat va magistraturada atrof-muhit va barqaror boshqaruv, yashil iqtisodiyot, atrof-muhit muhandisligi, iqlim oʻzgarishi, choʻllanishga qarshi kurashish, barqaror shaharsozlik, barqaror energiya almashinuvi kabi yangi yoʻnalishlar ochiladi. Taʼlim jarayonida dual tizim joriy qilinib, nazariy bilim bilan amaliyot uygʻunlashtiriladi. Universitet taʼlim tizimini rivojlantirish, ilmiy-innovatsion loyihalar va targʻibot ishlari uchun katta miqdorda mablagʻ ajratish koʻzda tutilgan.

Aholi orasida ekologik madaniyatni oshirish uchun “10 ming qadam piyoda” tashabbusini tiklash, “Sogʻlom turmush tarzi” platformasini ishga tushirish, shuningdek, Samarqand shahrida GEF-8 assambleyasi va “Eco Expo Central Asia 2026” xalqaro koʻrgazmasini oʻtkazish rejalashtirilgan.

Taqdimotda choʻllanishga qarshi kurash strategiyasi loyihasi ham alohida koʻrib chiqildi.

Qayd etilganidek, Oʻzbekiston hududining 70 foizi arid zonadan iborat boʻlib, yerlarning 70 foizdan ortigʻi degradatsiyaga uchragan. Yer resurslarining yomonlashuvi iqtisodiyotga har yili 830 million dollar zarar keltirmoqda. Orol dengizining qurishi natijasida 3 million gektar maydon yaroqsiz holga kelgan va hududning 56 foizi shamol eroziyasi taʼsiri ostida qolgan.

Shu munosabat bilan “Green University” huzurida mintaqaviy qoʻshma ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish taklif qilindi. Ushbu markaz choʻllanishni boshqarish boʻyicha Markaziy Osiyodagi birinchi ilmiy xabga aylanishi koʻzda tutilmoqda. Markaz tarkibida 15 ta ixtisoslashgan laboratoriya faoliyat yuritadi, sputnik maʼlumotlari, GIS va masofadan zondlash texnologiyalari asosida yerlar holatini raqamli monitoring qilish yoʻlga qoʻyiladi, qurgʻoqchilikka chidamli oʻsimliklar boʻyicha genetik bank shakllantiriladi, tuproqning kimyoviy va fizik tahlil tizimi takomillashtiriladi. Buning natijasida choʻllanishni prognoz qilish va xaritalash milliy tizimi yaratiladi, Orolboʻyi va qurgʻoq hududlarda yashil qoplama kengaytiriladi, yaylovlardan barqaror foydalanish hamda choʻl iqtisodiyoti modellari joriy etiladi.

Davlatimiz rahbari taqdimot qilingan loyihalarning ekologik barqarorlikni taʼminlash, aholi salomatligini muhofaza qilish, shahar va qishloq muhitini yanada qulaylashtirish, shuningdek, ushbu sohada ilm-fan va zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etishdagi muhim ahamiyatini qayd etib, ularni maʼqulladi.