Ayni damda Buloqboshi tumanidagi “Qashqar” mahallasi hududida ana shunday korxonalardan biri “ANDIJAN WCC CEMENT” MCHJ XK sement ishlab chiqarish zavodining qurilish ishlariga start berildi.

Unda viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov boshchiligidagi mutasaddilar, xitoylik mutaxassislar, keng jamoatchilik vakillari va OAV vakillari ishtirok etmoqdalar.

Jarayonda korxonaning qurilish ishlarini boshlash uchun maxsus start “TUGMA” bosilib, texnikalar harakatga keltirildi.

Loyiha qiymati 250 million AQSH dollarini tashkil etgan mazkur korxonada Xitoy davlatlaridan keltirilgan dastgohlarda 3 xil turdagi barcha sement mahsulotlari ishlab chiqariladi.

Shuningdek, xorijiy investitsiya mablagʻlari hisobiga 40 gektar maydonda bunyod etilgan korxonaning yillik quvvati 2-2,5 million tonnani tashkil etadi. Eksport quvvati 10 million AQSH dollarini tashkil etib, Yevropa davlatlariga yoʻnaltiriladi. Natijada korxonada 1 000 ta yangi ish oʻrinlari yaratiladi. Ishchilarning 300 nafarini yoshlar tashkil etmoqda.