“Ko'klam quyoshidan ko'kargan qirlar”
Agar shoirni aybsitmoqchi bo'lsangiz, “aka, qir emas, qirdagi maysalar ko'karadi”, derdingiz. “G'aliz” misrasi uchun o'zbekning kuychi shoirini uyaltirishingiz mumkin edi. “Shundaylikka shundayku-ya, – derdi shoir xijolat chekib, – lekin, nazarimda qirlarning o'zi ko'karib-o'sgandek, ko'kayim shunday deb yubordi, nima qilay, shu qog'ozga tushdi, xolos”.
Siz ham juda sovuqqon bo'lmang. Bahor sehri shoir qalbini to'lqinlantirgan-da.
Yoki xassos shoir “silkinadi qirlar elkasi” debdi. “Qirlarning ham elkasi bormi, zilzila bo'lyaptimi, nega silkinadi?” deb koyisangiz bo'ladi. Misol, Yo'ldosh eshbek o'rnida men: “His qiling-da, ko'klamda birinchi bor shahardan qishlog'ingizga poyi piyoda kelmoqdasiz. Jigarlar, ota-ona huzuriga shoshilmoqdasiz, tabiiyki, shoshib, sog'inib, tez, balki lo'killab yo'rtib bormoqdasiz. Qirlarga ham harislik bilan termulasiz. Ne ajabki, qirlar ham bosiqlik bilan avvalgiday joyida yastanib yotmay, shoir singari lo'killaydilar, silkinadilar. Buni anglang, yurakdan tuying, xolos. Bu holatda reallik, aniqlik pand beradi, qalbga, shoir ko'ngliga birpas oshnoligingiz kifoya qiladi” deya izoh beraman.
Har birimiz bahorni sog'inamiz.
Albatta, sog'indik. U – keldi.
Gullar, daraxtlar, suvlar, tog'lar, adirlar, qirlar va ularni tuygan ko'ngillar shaklida. Surur, o'ziga yarasha sarmastlik egallaydi Sizni.
Qiziq, harorat qiziy berib, tabiatdan daraxt gullari ketib, meva tugib, ular ham pishgach, bu kayfiyat odamzot qalbini tark etadi. Tabiat yana bir tug'ilib, rivojlanib, ulg'ayib, kuz va qishda tag'in qarib-keksaygandek. Lekin odam bolasi bahorni qo'yib yuborgisi kelmaydi, to'g'rirog'i, bahor uni tashlab ketishini xohlamaydi.
“Vafo qilarmisan, bahorim!”
Yana shoirni nadomat qila ko'rmang. Chunki shoir bari bir ona tabiatdan, Yaratgan egamning sohir faslidan inja bir ilinj kutayotir. Bu uning aybimi axir?
Bizdan tobora olislab ketayotgan bolaligimiz makonlarini qo'msaymiz. Borganda o'zingning go'dakliging, o'smirligingni eslatuvchi boshqa bir avlod xuddi o'sha adirlarda mol boqyapti, futbol o'ynayapti, qir ortidagi pana maydonda ko'pkari chopyapti. Bular o'zga zamon bolalari. endi ular oqsuyak, chillak, oq terakmi-ko'k terak, lanka, qizlar mohmak, chaqimtosh o'ynamayaptilar. Go'dak qizchalar ham cho'pdan qo'g'irchoq yasab, kiyintirib, “xola-xola” o'ynamaydilar. Onasi bolalariga bugun juqmo, ya'ni g'ilmindi pishiramiz, jar bo'yidan loshakarrak (qush qo'nmas) cho'plaridan terib kelinglar, atala qaynatamiz, desa ensalari qotadi. Aslida biz uchun bu bir ermak emas, alohida bayram edi. Atala, ya'nikim sut, un, qand qo'shilgan suyuq ovqatni tagiga olib ketmasligi uchun bir soat mobaynida tinimsiz kapgirda qo'zg'ab turish ham biz uchun alohida zavqli mashg'ulot edi. Atala tagida qolgan qirmoch esa eng mazali, talashib eydigan ovqatimiz edi. Onajonimiz ichiga atala solib tayyorlangan yupqani to'rt buklab, so'ngra uni eritilgan sariyoqqa bir botirib, tovoqqa tortishi... Oh, qo'ya bering, bu kunning shavqini.
To'yimli, mazali taom. Navro'z kunini oqsoqol e'lon qilganida ham, masalan: “Uljon, SHarapat, Kunsuluv — har biring o'ttiztadan g'ilmindi; Robiya — bir qozon makkayi go'ja; Sanam, Ro'zi — pidina pichak; Sarvar checha – uch kilo guruchdan samarqani osh, sabzi qizil bo'lsin; qirgi ovulning kelinlari — yarim kastryuldan to'rtta sumalak; yangi kelinlar – ikkitadan qatlama, ikkitadan patir; bizdi kelinlar – ... bor-ku... ayron oshdi uyib taylanglar... Cho'pon saylaymiz, talabgoring chiqaber”, deydi. Va shu erda ko'p masalalar hal bo'ladi. Hamon shunday.
Chekka bir qishloqning navro'zi.
Ko'p narsa o'zgargan. Odamlar boshqa. Bizni hayajonlantiruvchi narsalar endi unday emas. CHavandozning hayqirig'i ham.
Chavandoz molni so'kmaydi. Raqibini haqorat qilmaydi. Avji qo'ziganda, uloqni ko'targanida “chuv, jonivor!” deb hayqiradi.
Hozirgilar ustomonroq. O'zini avaylabroq o'yin ko'rsatadi. Avomlikdan xoli.
Lekin o'sha-o'sha yovvoyi hayqiriqlar. Qo'shrabotning tog'lari titrab ketadi. Olchalar gul to'kadi. Qizlar ro'molini tishlaydi. Biyalar belida og'riq qo'zg'aladi. ehtimol tug'ilajak toychog'i G'irko'k yoki Boychibor bo'lishini xohlar...
Borliq uyg'onib bo'lgan. Shoirlar qalbi titroqda. Hamma yoqda yasharish. Tirikchilik g'imir-g'imiri. Keksalar ham kiyimlarini almashtirib, eskilarini yuvdirgan, momolar ham kelinlik paytini eslab, qatiqda bosh yuvish payida...
Bolalar esa varraklarini kim balandroq uchirish zavqida, qirlarni boshiga ko'tarib yugurishadi, qichqirishadi. entikasan, zaminni ham, osmonni ham quchging, boshingga ko'targing keladi.
Bugun hammamiz bolaga aylandik.
Kelgan bahor ham... xuddi bulturgidek bolalik bahori!..
“Har bahor ham shu bo'lar takror...”
Sobir O'NAR,
O'zbekiston YOzuvchilar uyushmasi a'zosi, yozuvchi