Prezidentimizning shu yil may oyidagi “Sogʻliqni saqlash sohasini kompleks rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, 2021-yil 1-iyuldan boshlab ish staji besh yil boʻlmagan oliy maʼlumotli tibbiyot xodimlarini nodavlat tibbiyot tashkilotlariga ishga qabul qilish bilan bogʻliq talablar davlat tibbiyot muassasalariga tenglashtiriladi. Mazkur qarorning ushbu bandiga oydinlik kiritish maqsadida SSV Matbuot xizmati vazirlikning Litsenziyalash va akkreditatsiyalash boshqarmasi boshligʻi Farhod Rahimqulovga murojaat qildi:
— Bu qarorning nodavlat tibbiyot tashkilotlariga ishga qabul qilish bilan bogʻliq 12-bandi tibbiyot sohasida kadrlar bandligini taʼminlash va tibbiyot oliy oʻquv yurtlari bitiruvchilarining mehnat bozoridagi tanlov imkoniyatini oshirish boʻyicha katta qadam boʻldi, — deydi F. Rahimqulov. — Avval nodavlat tibbiyot muassasalariga ishga kirish uchun shifokorda malaka toifasi boʻlishi talab etilardi. Buning uchun kamida 5 yil tibbiy faoliyat bilan shugʻullanish lozim edi. Bundan oʻz-oʻzidan koʻrinadiki, oliy oʻquv yurtini endi tugatgan yosh mutaxassis xususiy shifoxonada ish boshlay olmasdi. Davlat tibbiyot muassasalarining shtatlar imkoniyati ham barcha bitiruvchilarni ish bilan taʼminlashda qiyinchilik tugʻdirar edi.
2021-yil 1-iyuldan ushbu murakkabliklarga chek qoʻyiladigan boʻldi. Yaʼni nodavlat tibbiyot muassasasi biror yosh mutaxassisning bilim va malakasiga ishonch bildirib, uni ish bilan taʼminlamoqchi boʻlsa, ulardan malaka toifasi talab qilinmaydi. Mutaxassis ish boshlaganidan soʻng, vaqti kelganida shu ish joyida ishlab turib ham malaka toifasini olishi mumkin. Xullas, endi tibbiyot muassasasining mulkchilik shakli yosh mutaxassislarni ishga qabul qilishga toʻsiq boʻla olmaydi.
Eslatib oʻtamiz, Prezidentning 2017-yil 1-apreldagi “Sogʻliqni saqlash tizimining xususiy sektorini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, xususiy tibbiyot tashkilotlari qariyb 130 yoʻnalishdagi tibbiy ixtisosliklar boʻyicha litsenziya olishlariga imkon yaratildi. Bundan avval ular atigi 50 turdagi tibbiy xizmat koʻrsatish huquqiga ega edi.
Ayni paytda mamlakatimizda 6,5 mingdan ziyod xususiy tibbiyot muassasalari faoliyat koʻrsatmoqda. Shuningdek, “Sogʻliqni saqlash sohasini kompleks rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarorida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatiga nodavlat tibbiyot tashkilotlari faoliyatini tashkil etishda bino va inshootlarga belgilangan sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlarini xalqaro standartlardan kelib chiqib, qayta koʻrib chiqish belgilandi.