Prezidentimizning yaqinda eʼlon qilingan qarorida davlatimiz mustaqilligining oʻttiz ikki yillik bayramini munosib nishonlash chora-tadbirlari belgilab berildi. Bu yilgi tantanalar yangi Oʻzbekistonning bugungi taraqqiyot darajasi, shon-shuhratiga mos tarzda “Yangi hayot uchun, Yangi Oʻzbekiston uchun” shiori ostida oʻtkaziladi.
Mustaqillik bayramidan sal avvalroq esa biz, quruvchilar oʻz kasb bayramimizni nishonlaymiz. Gap shundaki, davlatimiz rahbarining 2017-yil 7-avgustdagi farmoniga binoan, har yili avgust oyining ikkinchi yakshanbasi Oʻzbekiston Respublikasi qurilish sohasi xodimlari kuni deb eʼlon qilingan.
Maqolani bejiz bu ikki hujjat bilan boshlamadik. Binobarin, hozirgi kunda yangi Oʻzbekistondagi izchil islohotlar tufayli qurilish sohasi ham taraqqiyotning yangi bosqichiga koʻtarilmoqda. Amalga oshirilayotgan ishlar samarasi ijtimoiy hayotimizdagi ulkan oʻzgarishlar, xususan, “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari asosida yangilanayotgan hududlar qiyofasida, “Yangi Oʻzbekiston” massivlari barpo etilishida, odamlarning oʻz uyiga ega boʻlish jarayonidagi quvonchlarida aks etmoqda.
Xalqimizning hayot sifati va darajasini oshirishga bevosita xizmat qiladigan soha vakillari sifatida quruvchilarning zamonaviy bino va inshootlarni barpo etishdagi, shaharu qishloqlarimiz qiyofasini tubdan oʻzgartirish borasidagi faol ishtirokini alohida taʼkidlash joiz.
Zamonaviylik va xavfsizlik — qurilishda bosh mezon
Bugun qurilish-bunyodkorlik ishlari mamlakat iqtisodiyotining jadal surʼatlar bilan rivojlanib kelayotgan sohalaridan biriga aylandi. Respublika boʻyicha jami qurilish ishlari hajmi 2017-yilda 35 trillion soʻmni, 2018-yilda 51 trillion soʻmni, 2019-yilda 71 trillion soʻmni, 2020-yilda 88 trillion soʻmni, 2021-yilda 108 trillion soʻmni va 2022-yilda 131 trillion soʻmni tashkil etgani fikrimizning yaqqol tasdigʻidir.
Soʻnggi yillarda qurilish sohasini isloh qilish boʻyicha Prezidentning 27 ta hujjati va hukumatning 24 ta qarori qabul qilingani esa ushbu yoʻnalishdagi ishlar har tomonlama mukammal boʻlishiga zamin yaratgan boʻlsa, Shaharsozlik kodeksi yangi tahrirda qabul qilinishi ishlarni yangi zamon talablariga moslashtirishga xizmat qildi.
Shuningdek, 2021-2025-yillarda qurilish tarmogʻini modernizatsiya qilish va innovatsion rivojlantirish boʻyicha strategiya va yoʻl xaritasi tasdiqlandi. Muhimi, ushbu hujjatlar doirasida qator chora-tadbirlar va islohotlar amalga oshirilib, muayyan natijalarga erishildi. Bu nimalarda koʻrinadi?
Avvalo, taʼkidlash kerakki, oʻtgan olti yil davomida shahar va qishloq aholi punktlari boʻyicha jami 1 ming 370 ta shaharsozlik hujjati, jumladan, 202 ta shahar va shaharchaning, 1 ming 168 ta qishloq mahalla fuqarolar yigʻinining bosh rejasi bilan birgalikda batafsil rejalashtirish loyihalari ishlab chiqildi.
“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida ahvoli ogʻir 1 ming 944 ta mahallaning bosh reja sxemalari tayyorlandi.
Yil oxirigacha yana 225 ta shaharsozlik hujjati, jumladan, 11 ta shahar va 50 ta shaharcha bosh rejasi, 42 hududning master rejasi hamda 122 ta qishloqning bosh rejasini ishlab chiqish koʻzda tutilgan.
Shuningdek, respublikada birinchi marotaba joylashtirishning bosh sxemalarini tuzish boʻyicha ishlar olib borilmoqda. Buning uchun esa malakali va tajribali kadrlar zarur. Shu bois, tizimdagi bosh loyiha institutlariga shaharsozlik sohasida faoliyat yuritgan xorijlik tajribali mutaxassislar maslahatchi sifatida jalb qilinmoqda.
Olti yil ichida qurilish sohasiga oid 537 ta texnik normativ hujjat ishlab chiqilib, eskilari yangilandi. Binolarning energiya samaradorligini oshirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishga oid 10 ta normativ hujjat Yevropa standartlari asosida takomillashtirildi.
Joriy yilning oʻzida 2023-yilda qurilish sohasiga oid talablarni soddalashtirish maqsadida shaharsozlik normalarining:
- 44 tasi oʻzaro uygʻunlashtiriladi;
- 36 tasi smeta-resurs normalariga birlashtiriladi;
- 30 tasi texnik reglamentlar toifasiga;
- 76 tasi maʼlumotnoma toifasiga;
- 46 tasi smeta-resurs normalari toifasiga oʻtkaziladi.
Zamonaviy normalar va texnologiyalarni tatbiq qilish maqsadida ilgʻor xorijiy davlatlar bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Xususan, seysmika va zilzilaga oid normativ hujjatlar boʻyicha Yaponiya, yongʻin xavfsizligiga oid normativ hujjatlar boʻyicha AQSH, qurilish normalarini geologiya, tabiiy-iqlim hamda seysmik xususiyatlarni inobatga olgan holda xorijiy normalar bilan uygʻunlashtirish boʻyicha janubiy koreyalik ekspert-konsultantlar jalb etilgan.
Mamlakatimizda Yevropa Ittifoqi (YES), Buyuk Britaniya (VS), Xitoy (GB, CJ, JC, JG), Janubiy Koreya (KVS), Rossiya (SNiP, SP), AQSH (IBC) va Yaponiyaning (JIS) qurilish sohasidagi texnik normativ hujjatlari qoʻllanilmoqda. Bularning bari soha uchun juda zarur va dolzarb boʻlgan yoʻnalishlardir. Chunki imoratni qurib tashlayverish mumkin. Lekin unda zilzilabardoshlik, yongʻin xavfsizligi kabi masalalarga eʼtibor qaratilmas ekan, bino odamlar uchun mustahkam uy emas, oddiy boshpana boʻlib qolishi mumkin. Zamonaviy talablar bunga yoʻl qoʻymaydi.
Loyiha hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazish jarayoni toʻliq shaffof elektron tizimga oʻtdi. Hozir mazkur ishlar vazirlik huzuridagi “Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi” markazi tomonidan amalga oshirib kelinmoqda.
Ekspertiza organlariga qogʻoz hujjatlar toʻplamini taqdim etish amaliyotidan toʻliq voz kechildi. Ekspertizaga loyiha-smeta hujjatlari onlayn topshirilmoqda.
Bugunga qadar jami 111 mingga yaqin obyekt loyihasi ushbu tizim orqali ekspertizadan oʻtkazildi. Natijada ushbu obyektlar boʻyicha 20,5 trillion soʻmga yaqin mablagʻ tejab qolindi.
Shuningdek, ekspertiza yoʻnalishida faoliyat yurituvchi yuridik shaxslarga guvohnoma berish orqali tizimda raqobat muhiti yaratildi. Obyektlarning murakkablik toifasidan kelib chiqib ekspertiza xulosasi berish tizimi tabaqalashtirildi. Tabaqalashgan toifadagi loyihalarga xulosa berish uchun ekspertiza tashkilotlari elektron reytingi yoʻlga qoʻyildi.
Ekspert mutaxassislarni attestatsiyadan oʻtkazish va murakkablik toifasi boʻyicha loyihalarga tabaqalashgan holda xulosalar berish mexanizmi yaratildi.
Loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishda “hajm” uslubidan foydalanish amaliyoti joriy qilinmoqda. Bunda xorijiy mamlakatlarning ushbu yoʻnalishda amalga oshirgan ishlari, tatbiq etilgan meʼyoriy hujjatlari, yangi texnologiyalari va erishgan yutuqlari oʻrganib chiqildi.
Eksperiment tariqasida 2024-yil dasturiga kiritilgan ayrim ijtimoiy soha va infratuzilma obyektlarida “hajm” uslubini qoʻllash rejalashtirilgan. Eksperiment natijasi boʻyicha bu uslubini qurilishning boshqa sohalariga qoʻllash hamda qurilish obyektlarining umumiy sonida “hajm” uslubi ulushini 2025-yilda 50 foizgacha yetkazish koʻzda tutilgan.
Sohada “Qurilish nazorati” axborot tizimi joriy qilinib, nazorat jarayonlari avtomatlashtirilgani ayni muddao boʻlmoqda. Ushbu tizim orqali 2022-yilda 30 mingdan ortiq obyekt nazoratga olindi. Byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish maqsadida “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimidan tashqari qator elektron onlayn platformalar ishga tushirildi. “Qurilish sifati nazorati”, “Loyiha-smeta hujjatlari ekspertizasi”, “Maqsadli dasturlar monitoring tizimi”, “Ogoh fuqaro”, “Geoportal”, “Qurilish materiallari klassifikatori” tizimlari shular sirasidandir.
Qurilish sohasida davlat xizmatlari raqamlashtirildi. Natijada bugungi kunda bino va inshootning tashqi koʻrinishini oʻzgartirishni kelishish, bino va inshootlarning ixtisoslashishini oʻzgartirish, qayta qurish, rekonstruksiya qilish hamda oʻz hududida qoʻshimcha bino va inshootlar qurishni loyihalashtirishga ruxsatnoma berish, loyiha-smeta hujjatlarini kelishish, qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun obyektni roʻyxatdan oʻtkazish, qurilish-montaj ishlari tugallangan obyektdan foydalanish uchun ruxsatnoma berish, koʻchmas mulk buzilishga tushgan yoki tushmagani toʻgʻrisida maʼlumotnoma berish kabi xizmatlar shunday amalga oshirib kelinmoqda. Natijada oʻtgan yili ushbu tizim orqali 228 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan boʻlsa, 148 mingdan ortigʻi qanoatlantirilgan, 80 mingtasi oʻrnatilgan tartibda rad etilgan. Joriy yilda kelib tushgan 83 mingdan ortiq murojaatning 52 mingdan ziyodi qanoatlantirildi, 25 mingtasi oʻrnatilgan tartibda rad etildi, 5 ming 900 tasi koʻrib chiqilmoqda.
Quruvchilik katta masʼuliyat talab qiladigan kasb. Har kim ham qurilish ishlari bilan shugʻullanavermaydi. Tizimdagi elektron reyting va tender haqiqiy hamda tajribali pudrat tashkilotlarini aniqlashda qoʻl kelmoqda. Xususan, reyting elektron platformasida qurilish-pudrat va loyiha tashkilotlari reytingi tegishli davlat organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan. Shu orqali ularning maʼlumotlari hamda sohadagi reytingi shakllantiriladi. Hozirgi kunda ushbu reytingga 19 mingdan ortiq qurilish-pudrat tashkiloti kiritilgan. Loyiha tashkilotlari reytingi tizimida esa jami 1 ming 900 dan ortiq loyiha tashkiloti mavjud.
Tender elektron platformasi tufayli qurilish sohasida elektron tender jarayonlarida inson omili toʻliq bartaraf etildi. Tizim tashkilotlar reytingi va ularning tijorat taklifini avtomatik ravishda baholagan holda ijrochi tashkilotni aniqlaydi. Qolaversa, bu tizim turli qogʻozbozliklar, xarajatlarning ham oldini oladi. U orqali 2022-yilda 7 ming 57 ta obyekt boʻyicha tender oʻtkazilib, 748 milliard soʻm mablagʻ iqtisod qilingani shundan dalolat beradi. Joriy yilda esa 656 ta loyiha tashkiloti va 509 ta qurilish-pudrat tashkilotiga tender oʻtkazilib, 149,5 milliard soʻm tejaldi.
Aholini uy-joy bilan taʼminlash — asosiy maqsad
Soʻnggi olti yilda mamlakatimiz aholisi 5 million 500 ming nafarga koʻpayib, 36 milliondan oshdi. Shaharlarimiz ham kengayib, tobora zamonaviylashib bormoqda. Bu esa uy-joyga ehtiyojni ham oshiradi, albatta. Yurtimizda jadal tus olayotgan qurilish ishlari, turar joylar barpo etilishidan koʻzlangan maqsad ham ana shu talabni qondirishdir.
2017-yildan buyon respublika boʻyicha 326 mingta yangi turar joy foydalanishga topshirildi, bu davrda uy-joy bilan taʼminlash aholi jon boshiga 18 foiz koʻpaydi.
Oxirgi uch yilda banklar tomonidan 210 ming oilaga 33 trillion soʻm ipoteka kreditlari ajratilgan. Ehtiyojmand 73 ming oilaga boshlangʻich badal va foiz toʻlovlari uchun 1,3 trillion soʻm subsidiya berilgan. Bular kichik raqamlar emas, albatta. Buning ortida, avvalo, insonparvar davlatda “inson qadri uchun” tamoyili asosida olib borilayotgan islohotlar samarasi yotibdi. Shunday saʼy-harakatlar tufayli nafaqat yangi uy-joylar, ijtimoiy obyektlar qad rostlayapti, balki shaharu qishloqlarimiz infratuzilmasi zamonaviylashib, qoʻshimcha tarmoqlar imkoniyati ham ortmoqda.
Sohaga bozor tamoyillari joriy qilinishi natijasida yuzlab xususiy buyurtmachi kompaniyalar shakllandi. Yigʻma temir-betonli koʻp qavatli uylar quruvchi 11 ta yirik klaster paydo boʻldi. Tadbirkorlarga sharoit yaratilgani tufayli sement, gazoblok, kafel, keramogranit ishlab chiqarish koʻpayib, narxi ancha arzonlashdi. Pirovaridida oʻtgan yili 60 ming xonadonli koʻp qavatli uylar barpo etildi. 31 ta hududda “Yangi Oʻzbekiston” massivlari qurilishiga kirishildi.
Umuman, joriy yilda uy-joy qurish hajmini 1,5 barobar oshirib, 90 ming xonadonga yetkazish rejalashtirilgan.
Orzudagi manzil — “Yangi Oʻzbekiston” massivlari
Inson manfaati ustun qoʻyilgan bunday ijtimoiy siyosat izchillik kasb etayotgani bilan yanada ahamiyatlidir. Xususan, Prezidentimizning 2023-yil 13-apreldagi farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan manzilli roʻyxatga koʻra, respublika boʻyicha jami 90 ming 923 ta xonadondan iborat 2 012 ta uy qurilishi belgilab olindi. Shundan 14 ta hududdagi 38 ta “Yangi Oʻzbekiston” massivida 30 ming 639 ta xonadondan iborat 837 ta uy barpo etiladi.
Oʻtgan yil dasturiga asosan, “Yangi Oʻzbekiston” massivlaridagi qurilishi belgilangan, yildan yilga oʻtuvchi 532 ta uyning 111 tasi (21 foiz) foydalanishga topshirildi. 2023-yil dasturiga asosan, shunday massivlarda yangidan quriladigan 305 ta uyning 288 tasi auksionga chiqarilib, 218 tasi sotilgan hamda pudrat tashkilotlari aniqlandi. Qolgan 70 tasi boʻyicha savdolar davom etmoqda.
Shuningdek, 172 ta uy-joyga ishlab chiqilgan loyiha –smeta hujjatlari ekspertizadan oʻtkazilib, ijobiy xulosalar olindi. 153 ta uy-joy qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat inspeksiyasidan roʻyxatdan oʻtkazilib, qurilish-montaj ishlarini boshlashga ruxsatnoma olindi.
Bugungi kun holatiga koʻra, “Yangi Oʻzbekiston” massivlarida 126 ta uy-joy (3 ming 994 ta xonadon) foydalanishga topshirildi. Yaʼni, shuncha odam oʻz orzuidagi uyga, manzilga ega boʻldi.
Shuningdek, dasturga koʻra, uy-joyga talab yuqori boshqa hududlarda xususiy tadbirkorlar tomonidan qurilayotgan 60 ming 284 ta xonadondan iborat 1 ming 175 ta uy-joyning 1008 tasi (5 ming 47 ta xonadon)da qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda. Yangi massivlarda muhandislik tarmoqlariga ulash ishlari ham jadal kechmoqda.
Davlatimiz rahbari shu yil aprel oyida “Yangi Oʻzbekiston” massivlarida uy-joy qurilishi va 2023-yil uchun ipoteka dasturini amalga oshirish boʻyicha ustuvor vazifalarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida ushbu yoʻnalishdagi ishlarni yanada rivojlantirish yuzasidan qator taklif va tashabbuslarni ilgari surdi. Masalan, koʻproq aholini qamrab olish maqsadida rasmiy daromadi yetarli boʻlmagan aholiga ham ipoteka krediti olish imkoni yaratilishini taʼkidladi. Ularning toʻlov qobiliyatini aniqlashda bank kartasidagi aylanma, ijara, kommunal va boshqa xarajatlarga toʻlangan pullari ham hisobga olinishini qayd etdi.
Dastlabki badalni koʻproq toʻlagan fuqarolar bankdan arzonroq kredit olish imkoniyatiga ega boʻladi. Subsidiyaga ajratilgan mablagʻlarni tezroq ishlatish uchun subsidiya xabarnomasining amal qilish muddati 12 oydan 4 oyga tushiriladi. Shu bilan birga, bu oylar davomida sertifikatidan foydalanmagan fuqarolarga subsidiya olish uchun yana qayta murojaat qilish huquqi beriladi.
Aholini arzon uy-joylar bilan taʼminlashga qaratilgan yana bir loyiha — “Mening birinchi uyim” dasturi doirasida vazirlik huzurida maxsus uy-joy kompaniyasi tashkil etiladigan boʻldi. Buning uchun Toshkent viloyati Zangiota tumanidan 36 gektar yer ajratilib, 58 ta koʻp qavatli uy, ijtimoiy muassasalar, koʻngilochar maskanlar quriladi. Bunda tadbirkorlarga savdo va tijorat maydonlarini bozor narxida sotish orqali uy-joylar narxini arzonlashtirishga erishiladi.
Oʻsha videoselektor yigʻilishida qurilish sohasiga taalluqli yana koʻplab boshqa masalalar ham oʻrtaga tashlandi. Qurilish tannarxini pasaytirish uchun yogʻoch, fanera, yogʻochli opalubka va oynani import qilishda 2025-yilga qadar bojxona boji bekor qilinishi, yuqori markali sement boʻyicha bojxona boji imtiyozi yana bir yilga uzaytirilgani shular jumlasidandir. Qarang, birgina sement boʻyicha qoʻllaniladigan imtiyoz tufayli uy-joy qurish tannarxi 5 foizgacha arzonlashadi.
Qurilishlarni hudud infratuzilmasi quvvatiga olib borish, qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash, imoratlarni seysmik jihatdan standartlarga mos barpo etish masalalari ham keng muhokama etildi.
Bugungi kunda tizimda amalga oshirilayotgan ishlar ana shu vazifalar ijrosiga qaratilgan. Zero, qurilishlar samarasi qad koʻtarayotgan binoyu inshootlar qatorida odamlarning kayfiyati, hayot tarzida ham oʻz aksini topadi. Qolaversa, qurilish industriyasining iqtisodiyot tarkibida tutgan oʻrni juda yuqori. Shu jihatdan olganda, bugungi kunda Oʻzbekistonda qurilish sohasida olib borilayotgan ishlar, xizmatlar milliy iqtisodiyotni mustahkamlovchi tayanch nuqta sifatida ijtimoiy yoʻnalishdagi dolzarb vazifalarga yechim topishda muhim vosita boʻlayotgani bilan eʼtiborga molikdir. Yaʼni, qurilishlar yangi Oʻzbekistonda yangicha hayot tarzini yuzaga chiqarmoqda.
Qurilish iqtisodiyotning barcha tarmoqlari moddiy-texnik bazasini yaratishda, aholining shinam uy, ijtimoiy va muhandislik infratuzilmasi xizmatlari, shuningdek, madaniy dam olishga boʻlgan ehtiyojlarini qondirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda mamlakatimiz qurilish sohasidagi siyosati, bu borada amalga oshirilayotgan loyiha va ishlar ayni shu maqsadlarga xizmat qilayotgani bilan alohida ajralib turadi.
Botir ZOKIROV,
Oʻzbekiston Respublikasi qurilish va
uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri