Xoʻsh, bu tavsiya qanchalik muhim? Ushbu doza bilan kimlar emlanadi?
SSV Matbuot xizmati ushbu mavzu yuzasidan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boʻlim boshligʻi Dilorom Tursunova bilan suhbatlashdi.
— 2021-yilning 1-aprelidan mamlakatimizda aholini koronavirusga qarshi ommaviy emlash tadbirlari boshlanib, shu kungacha jami 7 turdagi 49,8 mln. dozadan ortiq COVID-19ga qarshi vaksina olib kelindi, — deydi D. Tursunova. — Yaqin oylarda yurtimizga yana 12 mln. doza vaksina keltirilishi kutilyapti.
Maʼlumki, hozir koronavirus kasalligi tez-tez mutatsiyaga uchrab, tashqi muhitga moslashmoqda. Bu esa unga qarshi kurashish usullarini yanada takomillashtirishni taqozo etadi.
Xususan, ayni paytda dunyo ekspertlari kasallikka qarshi toʻliq dozalarda vaksina olgan shaxslarni buster doza bilan emlanishni tavsiya qilmoqda. Sababi vaqt oʻtgach, emlangandan soʻng hosil boʻlgan antitanachalar miqdori pasaya boshlaydi va organizmni himoya qila olmaydigan darajaga tushib ketadi.
Buster doza bilan emlanish esa birlamchi vaksina olgandan keyin hosil boʻlgan immunitetni yuqori darajaga koʻtarib beradi. Yaʼni, bu orqali organizmning kurashuvchanlik qobiliyati oshadi.
Buster doza bilan hozircha koronavirusga qarshi 2 yoki 3 marotaba vaksina (toʻliq emlash kursi) olganlar bir bor emlanishi mumkin. Buning uchun vaksinaning birinchi dozasi olinganiga 6 oy va undan ortiq vaqt oʻtgan boʻlishi lozim.
Maʼlumot oʻrnida aytish lozimki, buster doza vaksinadan foydalanish amaliyoti profilaktik tibbiyotda anchadan beri mavjud (shol, qizamiq, qizilcha, boʻgʻma va boshqalar) boʻlib, yurtimizda qator boshqariluvchi yuqumli kasalliklarning oldini olishda qoʻllaniladi.