Daren Tang Oʻzbekistonda intellektual mulk obyektlarining ishonchli huquqiy himoyasi taʼminlanishiga qaratilayotgan alohida eʼtibor uchun Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevdan minnatdor ekanini bildirdi.
Oʻz navbatida, Butunjahon intellektual mulk tashkiloti tomonidan mamlakatimizda intellektual mulk sohasini isloh qilish va takomillashtirish, huquqiy muhofazani kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar qoʻllab-quvvatlab kelinayotgani eʼtirof etildi.
Uchrashuv davomida 2026-2030-yillarda Oʻzbekistonda intellektual mulk sohasini rivojlantirish strategiyasi loyihasi boʻyicha ishlarni birgalikda roʻyobga chiqarish, mamlakatimizda intellektual mulk sohasida faoliyat olib borayotgan mutaxassislar malakasini oshirish, Toshkent davlat yuridik universitetining intellektual mulk yoʻnalishi magistraturasi negizida Butunjahon intellektual mulk tashkilotining qoʻshma magistratura dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Butunjahon intellektual mulk tashkilotining yashil iqtisodiyot, iqlim oʻzgarishi hamda oziq-ovqat xavfsizligi yoʻnalishlaridagi «WIPO Green» dasturiga Oʻzbekiston mutasaddilarini faol jalb qilish, mamlakatimizda yetishtiriladigan qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga nisbatan intellektual mulkni himoya qilish qoʻshma dasturini amalga oshirish masalalari yuzasidan ham atroflicha fikr almashildi.









