Toshkent Yoshlar deklaratsiyasi muxtasar muqaddima, xotima va 5 ta asosiy qismdan iborat.
Deklaratsiyaning “Pandemiya va yoshlar”, “Yoshlar – Barqaror rivojlanish maqsadlarining “drayver”i”, “Yoshlarning taʼlim va sogʻliqni saqlash xizmatlaridan foydalanish imkoniyati”, “Yoshlar va bandlik”, “Yoshlarning huquqlarini himoya qilish mexanizmlari” nomli qismlarining har birida yoshlar huquqlari va manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan tegishli tashabbus, taklif hamda tavsiyalar qayd etilgan.
Butunjahon konferensiyasining asosiy tashkilotchilari – Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati, jumladan Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi va Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi hisoblanadi.
Ushbu nufuzli xalqaro anjuman BMT Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasi, BMTning Oʻzbekistondagi jamoasi, YEXHTning Oʻzbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi va F.Ebert nomidagi jamgʻarma bilan hamkorlikda oʻtkazildi.
Konferensiyaning ikki kunlik ishi davomida 67 nafar maʼruzachi soʻzga chiqdi. Shundan 49 nafari xorijiy ekspertlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillari hisoblanadi. Milliy maʼruzachilar 18 nafar boʻlib, 10 nafari yoshlardir.
Xalqaro anjumanning 3 ta yalpi hamda 3 ta parallel sessiyalarida 30 dan ortiq ishtirokchi munozaralarda ishtirok etdi. Ushbu qizgʻin munozara va mushohadalar, oʻz navbatida, yoshlarning huquqlari hamda imkoniyatlarini kengaytirish, qonuniy manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi matbuot xizmati.