Butunjahon ta’lim forumi doirasida bir qator uchrashuvlar o‘tkazilmoqda

    Buyuk Britaniyaning London shahrida tashkil etilgan Butunjahon ta’lim forumi bugungi kundagi ta’lim sohasida mavjud muammolarga ijobiy yechim topish, yuzaga kelgan ta’lim va o‘quv masalalarida fikr almashish, ta’lim jarayonidagi yangiliklar haqida taqdimotlar o‘tkazish, davlatlar tomonidan ta’limning turli xil yo‘nalishlaridagi muvaffaqiyatlar bilan bo‘lishish uchun xalqaro maydon hisoblanadi.

    An’anaviy tarzda har yili o‘tkaziladigan hamda ta’lim sohasidagi dunyoning eng nufuzli tadbirlaridan biri hisoblangan forum doirasida Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova qator ushrashuvlar o‘tkazdi.

    Jumladan, Ozarbayjon Respublikasi Ta’lim va fan vaziri Emin Amrullayev va Shri-Lanka Respublikasi ta’lim vaziri Susil Premajayanta bilan uchrashdi.

    Uchrashuvda Shri-Lanka Respublikasining oliy ta’lim muassassalari informatika hamda STEM ta’limi yo‘nalishida O‘zbekistondagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga mahalliy o‘qituuvchilarga “ustoz-shogird” modeli asosida assistent o‘qituvchi sifatida jalb qilish istiqbollari muhokama qilindi.

    Bundan tashqari Cambridge Partnership for Education tashkilotining tijoriy strategiya bo‘yicha direktori Kenan Barut bilan uchrashuvda bir qancha yo‘nalishlarda hamkorlik qilish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi.

    Prezident maktablari tajribasi asosida umumiy o‘rta ta’lim muassasalari ta’lim jarayoniga ilmiy asoslangan baholash tizimini joriy qilish, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan pedagoglarning malakasini oshirish va ularni baholash bo‘yicha Cambridge International PDQ (o‘qituvchilarning kasbiy faoliyatini baholash) mexanizmini tadbiq etish, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari bitiruvchilariga ikkita xorijiy til va kasbga o‘rganish yo‘nalishlarida qo‘yilajak talablarga asosan umumiy o‘rta ta’lim uchun o‘quv dasturini qayta tanqidiy ko‘rib chiqish, 5-11-sinf uchun ishlab chiqilayotgan aniq va tabiiy fanlar yo‘nalishlaridagi darsliklarni ekpertiza qilish masalalari xususida so‘z yuritildi.

    Times Higher Education tashkiloti Yaqin Sharq va Afrika mintaqasi rahbari Nik Devis bilan uchrashuvda esa istiqboldagi hamkorlik masalalari kelishib olindi.

    Forum bugun ham davom etmoqda.