Buxoro aeroportida 4 dona qadimiy tangalarni olib chiqib ketmoqchi boʻlgan shaxslar ushlandi

    Mazkur tangalar 1751-yilda Rossiya imperiyasining I imperatori Pyotr I hukmronligi davrida Yekaterinburg zarbxonasida zarb etilganligi tasdiqlandi.

    “Buxoro aeroporti” chegara bojxona posti orqali qadimiy numizmatika buyumlarini olib chiqib ketishga boʻlgan urinish bartaraf etildi.

    Bu haqda Buxoro viloyati Bojxona boshqarmasi Matbuot xizmati maʼlum qildi.

    Taʼkidlanishicha, “Buxoro-Vnukovo” yoʻnalishidagi aviareys orqali xorijiy davlatga uchib ketayotgan ikki nafar fuqaro oʻzi bilan Oʻzbekiston hududidan olib chiqib ketish taʼqiqlangan madaniy meros ashyolarini olib chiqishga uringan vaqtda bojxona xodimlari tomonidan toʻxtatib qolindi.

    Ikki holatda jami 4 dona qadimiy tangalar borligi aniqlandi.

    Ashyoviy dalil sifatida vaqtincha saqlovga olingan tangalarning qadimiylik darajasini aniqlash maqsadida Buxoro viloyati madaniy meros boshqarmasi tomonidan badiiy ekspertiza oʻtkazildi.

    Unga koʻra, mazkur tangalar 1751-yilda Rossiya imperiyasining I imperatori Pyotr I hukmronligi davrida Yekaterinburg zarbxonasida zarb etilganligi tasdiqlandi.

    Hozirda ushbu qadimiy numizmatika ashyolari doimiy saqlash uchun Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasiga taqdim etildi.