Qayd etilishicha, Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi “Sariosiyo“ chegara bojxona posti orqali qoʻshni davlatga yoʻl olgan fuqaro belgilangan tartibda bojxona nazoratidan oʻtkazilganda uning qoʻl yuklari orasida ogʻzaki soʻrovda maʼlum qilinmagan 267 dona qadimiy taqinchoq qismlari borligi aniqlandi.
Shundan soʻng, ushbu ashyolarning qadimiyligi va qiymatini aniqlash uchun bojxona xodimlari tomonidan badiiy ekspertiza tayinlandi. Ekspertlar xulosasiga koʻra: 39 dona osma bezak koʻrinishidagi kumush tangalar 19-asrda Buxoro amirligida zarb qilingan, qolgan taqinchoq qismlari ham 19-asr oxiri 20-asr boshlariga oid boʻlib, madaniy boylik hisoblanadi.
Hozirda ashyoviy dalillar Termiz arxeologiya muzeyiga topshirilgan boʻlib, holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Maʼlumot uchun: Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 23-martdagi 131-sonli qaroriga muvofiq, 50-yil muqaddam va undan ham oldinroq yaratilgan madaniy boyliklar yurtimizdan olib chiqib ketilmaydi.