Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori, tarix fanlari doktori, professor, akademik Azamat Ziyo hamda Tarix instituti bosh ilmiy xodimi, tarix fanlari doktori, professor Qahramon Rajabov ishtirok etdi.
Tashrif doirasida mehmonlar institut rahbariyati, professor-o‘qituvchilar va talabalar bilan uchrashib, O‘zbekiston tarixini chuqur va ilmiy asosda o‘rganish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish hamda yoshlarni milliy qadriyatlar va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Shuningdek, mehmonlar kafedralar tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazmalar bilan tanishib, talabalarining ijodiy ishlari, innovatsion loyihalari va amaliy ishlanmalarini ko‘zdan kechirdilar. Ularda professor-o‘qituvchilar va talabalarining ilmiy izlanishlari hamda zamonaviy yondashuvlari alohida e’tirof etildi.
Uchrashuv davomida institutda yaratilgan zamonaviy ta’lim muhiti, axborot-resurs markazi, sun’iy intellekt xonalari, inklyuziv ta’lim uchun yaratilgan sharoitlar va robototexnika laboratoriyalari faoliyatiga ham yuqori baho berildi.
Tashrif doirasida institutda «Jadidchilik milliy harakati: Abdurauf Fitrat» mavzusida umumxalq ilmiy yig‘ini ham bo‘lib o‘tmoqda. Anjumanda olimlar, tadqiqotchilar, professor-o‘qituvchilar va talabalar ishtirok etib, jadidchilik harakatining milliy uyg‘onish tarixidagi o‘rni hamda Abdurauf Fitratning ilmiy-ma’rifiy merosi haqida ma’ruzalar tinglamoqda.
Ta’kidlanishicha, mazkur anjuman ishtirokchilarning tarixiy xotira, milliy qadriyatlar va ma’rifatparvar ajdodlar merosiga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.