"Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi" AJga nisbatan ish qoʻzgʻatildi

    "Bahouddin Naqshband" yodgorlik majmuasi markazi tomonidan Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasining Buxoro viloyati hududiy boshqarmasiga elektr energiyasi toʻlovi boʻyicha murojaat kelib tushdi.

    Bu haqda Raqobat qoʻmitasi matbuot xizmati xabar berdi.

    Murojaatga asosan, hududiy boshqarma tomonidan oʻrganish ishlari olib borildi. Unga koʻra, "Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi" AJ tomonidan "Bahouddin Naqshband" yodgorlik majmuasi markaziga yetkazib berilgan elektr energiya uchun yuritilgan hisob-kitoblarda belgilangan tariflarni oshirib qoʻllash natijasida majmuaga nisbatan 115,0 mln. soʻmlik qoʻshimcha toʻlov hisoblanganligi aniqlandi.

    Holat boʻyicha, "Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi" AJning "Buxoro hududiy elektr tarmoqlari" AJga nisbatan boshqarma maxsus komissiyasi tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda ish qoʻzgʻatildi.

    Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 22-avgustdagi 364-sonli qarorining 3-bandi (Vazirlar Mahkamasining 10.09.2003 yildagi 525-f-sonli Farmoyishi 1-bandi)da Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi diniy tashkilotlar 2003-yil 1-sentyabrdan boshlab ularga koʻrsatiladigan kommunal xizmatlarga toʻlovlarni aholi uchun belgilangan tariflar boʻyicha toʻlashi koʻrsatilgan.