Buxoro hududiy tarmoqlararo yarmarkasida umumiy qiymati 10,7 milliard soʻmlik 24 ta hamkorlik memorandumlari imzolandi

    Sanoat 2 Oktabr 2022 1140

    Buxoro shahrida qurilish materiallari, neft va gaz sanoati, yengil sanoat tarmogʻi, qorakoʻlchilik, qishloq va suv xoʻjaligi, turizm sohasi korxonalari ishtirokida Hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi boʻlib oʻtdi.

    Yarmarkaning asosiy maqsadi yirik tarmoq korxonalariga mahalliy kichik va xususiy biznes korxonalari tomonidan import oʻrnini bosuvchi mahsulotlarni yetkazib berishda kooperatsiya aloqalarini tashkil etishdan iborat edi.

    “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi korxonalar mazkur yarmarkada alohida korporativ stend orqali ishtirok etishdi. Unda “Uzbekistan GTL” zavodida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar, importni qisqartirish uchun taklif etilayotgan yangi loyihalar, 2022-2023-yillar importining asosiy komponentlari, tizim zavodlarida mahalliylashtirish loyihalari namoyish etildi.

    Koʻrgazmaning birinchi kunida “Oʻzbekneftgaz” AJ departamentlari, zavod va korxonalar rahbarlari ishtirokida kooperatsiya aloqalarini oʻrnatish boʻyicha 20 dan ortiq mahalliy korxonalar bilan uchrashuvlar tashkil etildi.

    Xususan, “Monokip” MCHJ bilan Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi va Muborak gazni qayta ishlash zavodining ishlab chiqarish bazasida qoʻllaniladigan import harorat datchiklari va monometrlarini hamkorlikda oʻzlashtirish va yetkazib berish boʻyicha hamkorlik aloqalari oʻrganildi.

    Shuningdek tadbir davomida “Ihlas Electric” ishlab chiqarish korxonasi bilan tarmoqlararo kooperatsiya aloqalarini kengaytirish asosida Fransiyada ishlab chiqarilgan “18 W FLUORENCENT”, “HPS LAMP” (150, 250 W) markali yorituvchi elektr lampalarini oʻzlashtirish va 2023-yil ehtiyojlari asosida yetkazib berish boʻyicha mahalliylashtirish masalalari koʻrib chiqildi. Hozirda Fransiyadan keltirilgan ushbu lampalardan “Uzbekistan GTL” zavodi hududida foydalanilyapti.

    Muzokaralar doirasida “Tarozi Klass” MCHJ – “Uz-Kor Gas Chemical” QK MCHJ ehtiyojlari asosida tarozi oʻlchash asboblarini yetkazib berish va taʼmirlash, “Carbon Polimer” MCHJ — “Uz-Kor Gas Chemical” QK MCHJ va Muborak gazni qayta ishlash zavodining 2023-yil ehtiyojlari asosida tiqinlar, muftalar va salniklarni yetkazib berish boʻyicha hamkorlik aloqalari oʻrnatildi.

    Ushbu yarmarkada “Eko Torf Gummat” korxonasi Shoʻrtan gaz kimyo majmuasi tomonidan koʻkalamzorlashtirilgan hududlariga kompleks ekologik toza oʻgʻitlar yetkazib berish boʻyicha taklifini berdi. “Navoiy Azot” AJ esa “Uz-Kor Gas Chemical” qoʻshma korxonasi va Shoʻrtan gaz kimyo majmuasi ehtiyojlari uchun metanol va kaustik soda kimyoviy unsurlarini yetkazib berish boʻyicha takliflari oʻrganish uchun qabul qilindi.

    Bundan tashqari “Oil filter Technologies”, “Kogon Mars”, “Electric Motor” mahalliy korxonalarning boshqarmalardagi mavjud sexlar kompressorlari uchun import qilinadigan filtr mahsulotlarini oʻzlashtirish va ishlab chiqarishga tatbiq etishda, burgʻilash nasoslari uchun ehtiyot qismlarini yetkazib berish boʻyicha takliflari qabul qilindi.

    Koʻrgazma yakuni bilan “Oʻzbekneftgaz” korxonalari tomonidan umumiy qiymati 10,7 milliard soʻmlik quyidagi 24 hamkorlik memorandumlari imzolandi:

    - Buxoro neftni qayta ishlash zavodi – 2,7 milliard soʻmlik 7 ta memorandum,

    - Shoʻrtan gaz kimyo majmuasi – 5,3 milliard soʻmlik 7 ta memorandum,

    - Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi – 463,8 million soʻmlik 4 ta memorandum,

    - “Uzbekistan GTL” – 110 mln soʻmlik 3 ta memorandum,

    - Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi – 2,01 mlrd soʻmlik 3 ta memorandum, deb xabar beradi “Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati.