Buxoro, Jizzax, Namangan va Fargʻona viloyatlarida yangi ish oʻrinlarini yaratish va aholi bandligini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilgan ishlar samaradorligi muhokama qilindi

    Mamlakatimizda 21 Iyul 2022 1693

    Joriy yil 21-iyulda Oliy Majlis Senati Kengashining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Kengash majlisini Senat Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.

    Unda senatorlar, tegishli vazirlik va idoralar, davlat va nodavlat tashkilotlari rahbarlari, shuningdek ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

    Majlisda Oliy Majlis Senati ishchi guruhi tomonidan joriy yilning may-iyun oylarida Buxoro, Jizzax, Namangan va Fargʻona viloyatlarida yangi ish oʻrinlarini yaratish va aholi bandligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi yuzasidan oʻtkazilgan oʻrganish natijalari muhokama qilindi.

    Taʼkidlanganidek, joriy yil 1-may holatiga mehnat organlari koʻmagida Buxoro, Jizzax, Namangan va Fargʻona viloyatlarida aholini ish bilan taʼminlash, yangi ish oʻrinlari yaratish borasida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilgan. Xususan, ushbu davrda 52,2 ming nafar fuqaro boʻsh ish oʻrinlariga ishga joylashtirilgan.

    Jumladan, oʻtkazilgan mehnat yarmarkalarida ishga joylashish uchun qariyb 7,5 mingta yoʻllanma berilgan.

    Ijtimoiy muhofazaga muhtoj boʻlgan qariyb 2,9 mingga yaqin shaxs band qilib qoʻyilgan ish oʻrinlariga ishga joylashtirilgan.

    Amalga oshirilgan ishlar bilan birga ayrim soha va yoʻnalishlarda, shuningdek, hududlarda yangi ish oʻrinlarini yaratish va aholi bandligini taʼminlashda bir qator kamchiliklarga yoʻl qoʻyilib, mavjud imkoniyatlardan foydalanilmagani alohida qayd etib oʻtildi.

    Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-yanvardagi “Xizmatlar sohasini rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-104-son qarorida belgilangan ayrim tadbirlar muddatida amalga oshirilmayapti. Jumladan, qarorda xizmatlar sohasini rivojlantirish orqali kelgusida kafolatli ish oʻrinlarini yaratish nazarda tutilgan.

    Buxoro viloyatining Gʻijduvon, Kogon tumanlari va Kogon shahri hamda Jizzax viloyatining Jizzax shahri hududidan oʻtuvchi xalqaro yoʻllar boʻyida xizmat koʻrsatish obyektlarini tashkil etish maqsadida tanlangan yer uchastkalari ochiq elektron auksion savdosiga hanuzgacha joylashtirilmagan.

    Qorakoʻl va Fargʻona tumanlari hamda Buxoro shahrida nodavlat umumtaʼlim va maktabgacha taʼlim tashkilotlarini barpo etish uchun yer maydonlari aniqlanmagan.

    Qayd etilganidek, xizmatlar sohasida yaratilgan ish oʻrinlarining asosiy qismi oʻzini oʻzi band qilish hisobiga toʻgʻri keladi. Yangi savdo va xizmat koʻrsatish obyektlarida ish oʻrinlarini yaratish Namangan viloyatida 7 foizni, Jizzax viloyatida 12 foizni va Buxoro viloyatida esa 21 foizni tashkil etadi.

    Xizmatlar sohasida yaratilgan yangi ish oʻrinlari bir vaqtning oʻzida boshqa soha va yoʻnalishlarda ham aks ettirilishi oqibatida hisobotlarda jami yaratilgan ish oʻrni soni orttirib koʻrsatilgan.

    Jumladan, Buxoro viloyatida xizmatlar sohasida oʻzini oʻzi band qilish yoʻnalishida yaratilgan 22,4 mingta ish oʻrnidan 15,5 mingtasi qishloq xoʻjaligida, 3,0 mingtasi turizm va madaniyat sohasida takrorlangan.

    Buxoro viloyatida bandligi taʼminlanganlar soni hisobotlarda asossiz ravishda oshirib koʻrsatilganligi tanqid qilindi.

    Mehnat qonunchiligi va mehnat muhofazasi yuzasidan oʻtkazilgan nazorat tadbirlarida Buxoro viloyatida 1 161 ta, Jizzax viloyatida 1 401 ta, Namangan viloyatida 974 ta, Fargʻona viloyatida 926 ta qonunbuzilish holatlari aniqlanganligi hamda mazkur holatlar boʻyicha 1 107 nafar mansabdor shaxsga nisbatan 2,1 milliard soʻm miqdorida maʼmuriy jarima qoʻllanilganligi qayd etildi.

    Majlisda qishloq xoʻjaligi klasterlari, fermer va dehqon xoʻjaliklarida yaratilgan ish oʻrinlarining soliq hisobotlarida qayd etilishini ragʻbatlantiruvchi mexanizmlarni joriy etish, auksion savdolari orqali ajratilgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer maydonlaridagi dehqon xoʻjaliklarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish, haq toʻlanadigan jamoat ishlarini amalga oshirishda ish beruvchi sifatida tadbirkorlik subyektlari, nodavlat notijorat tashkilotlarini keng jalb etish kabi qator vazifalar belgilandi.

    Koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan Senat Kengashining tegishli qarori qabul qilindi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.