Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 28-fevraldagi 149-sonli qaroriga asosan, neft mahsulotlari toʻlov oldindan 100 foiz oʻtkazilgandan soʻng yetkazib berilishi belgilangan boʻlsada, amalda belgilangan meʼyoriy hujjatlarga muntazam amal qilmaslik oqibatida “Buxoro neft bazasi” MCHJda 50,5 mlrd soʻm debitor qarzdorlik yuzaga kelgan. Oʻz vaqtida undiruv choralari koʻrilmagani natijasida, neft bazasi boʻyicha 984,7 mln soʻm mablagʻ “umidsiz” qarzga aylanib ulgurgan.
Oʻrganishlar davomida “Buxoro neft bazasi” MCHJning 10 ta fermerga yoqilgʻi tarqatish shaxobchalari (keyingi oʻrinlarda – FYOTSH) tomonidan jami 1,8 mlrd soʻmlik 261,7 ming litr yonilgʻi mahsulotlari faoliyati tugatilib boʻlgan fermer xoʻjaliklariga rasmiylashtirilgani ham aniqlandi.
Taʼkidlash joizki, jamiyatning sobiq rahbariyati va muttasaddi xodimlari tomonidan 3,0 mlrd soʻmlik 1 595,3 ming litr neft mahsulotlari fermer xoʻjaliklariga arzon narxlarda rasmiylashtirib jamiyatga zarar keltirgan.
Jamiyat muttasadi xodimlari tomonidan xususiy AYOQSHlarga jami 2,6 mlrd soʻmlik neft mahsulotlari toʻlovsiz yetkazib berilib, debitor qarzdorligi yashirib kelingan.
Oʻrganish davomida, “Buxoro neft bazasi” MCHJga qarashli 20 ta FYOTSHlarda 2,1 mlrd soʻmlik 206,7 ming litr mahsulot kamomadi aniqlanib, 921,1 mln soʻmi oʻrganish jarayonida qoplanishi taʼminlandi.
Ushbu neft bazada mablagʻ iqtisodi, xarajatlar rejasiga amal qilish borasidagi vaziyat ham achinarli holatda. Masalan, “Buxoro neft bazasi” MCHJ tomonidan qurilish korxonalariga asossiz ravishda 298,1 mln soʻm miqdorida, xodimlarga 31,6 mln soʻm miqdorida ortiqcha ish xaqi va mukofot pullari toʻlab berilgan.
Neft baza masʼul va rahbar xodimlari tomonidan yoʻl qoʻyilgan qonunbuzulish holatlari boʻyicha huquqiy baho berish uchun oʻrganish hujjatlari tegishli tartibda huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga taqdim etildi.
Eslatib oʻtamiz, 2021-yil boshida olib borilgan oʻrganishlarda “Buxoro neft bazasi” MCHJda jami 33 896,8 mln soʻmlik qonunbuzulish aniqlangan boʻlib ushbu holatlar boʻyicha ham huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etilgan edi.
“Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan ushbu yoʻnalishda oʻrganishlar davom ettirilmoqda.
“Oʻzbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati