Xususan, “Buxoro neft bazasi” MCHJda 2021-yil yakuni boʻyicha oʻtkazilgan oʻrganishlarda, jami 22 mlrd 58 mln soʻmlik xato-kamchiliklar aniqlangan boʻlib, mazkur holatlarni bartaraf-etish, huquqiy baho berish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda tegishli choralar koʻrildi. Biroq, mazkur neft bazada oʻtkazilayotgan oʻrganishlar jarayonida yuqorida keltirilgan qonunbuzulishlarga qoʻshimcha ravishda yana 5 mlrd 506 mln soʻmlik manfaatlar toʻqnashuvi, qarindosh urugʻchilik va boshqa turli xato va kamchiliklar, shundan 3 mlrd 465 mln soʻm mablagʻlarni talon-taroj qilish holatlari aniqlandi. Taʼkidlash joizki, mazkur aniqlangan holatlarning asosiy qismi “Buxoro neft bazasi”ning sobiq bosh hisobchisi Gʻ. K.ning bevosita ishtirokida amalga oshirilgan.
Bundan tashqari, neft baza hisob raqamiga kelib tushmagan 330,3 mln soʻm pul mablagʻlarini hisobchi A.J.ga qarashli korxonaning interaktiv kartasiga qasddan sunʼiy ravishda kiritib neft mahsulotlari toʻlovsiz berib yuborilgan. Amaldagi qonunchilikka asosan neft mahsulotlari birja savdolari orqali realizatsiya qilinishi belgilangan boʻlsada, xususiy korxona orqali soxta tiketlar asosida 40,0 mln soʻmlik neft mahsulotlari olib chiqib ketilgan.
Sobiq bosh hisobchi Gʻ.K. tomonidan 1S Buxgalteriya elektron hisobotlarda “yaqin doʻsti”ga qarashlikorxonadan 917,6 mln soʻm, boshqa korxonadan 252,0 mln soʻmlik mablagʻ tushganligi toʻgʻrisidagi soxta maʼlumotlar kiritish yoʻli bilan neft mahsulotlari oʻzlashtirilgan. 2020-yilning 18-avgust kuni “D” MCHJga “koʻrsatilgan xizmatlar uchun” 250,0 mln soʻm pul mablagʻlari oʻtkazib berilgan, 1S Buxgalteriya dasturiga Buxoro Tovar xomashyo birjasiga neft mahsulotlari uchun mablagʻ oʻtkazilgani toʻgʻrisida soxta maʼlumotlar kiritilib 250,0 mln soʻm pul mablagʻlari oʻzlashtirilgan. Amalda esa, ushbu korxona bilan “Buxoro neft bazasi” oʻrtasida xizmat koʻrsatish boʻyicha tuzilgan shartnomalari mavjud boʻlmagan.
55 ta fermer xoʻjaliklaridan toʻlovlar mavjudligi toʻgʻrisida 1S Buxgalteriya dasturiga soxta maʼlumotlar kiritish yoʻli bilan jami 641,0 mln soʻmlik neft mahsulotlarini talon tarojlikka yoʻl qoʻyilgan.
Sobiq bosh hisobchi tomonidan “Koʻkcha”filiali boshligʻi Sh. J. 3 ta isteʼmolchi tomonidan 430,8 mln soʻm toʻlov amalga oshirilgani toʻgʻrisida yolgʻon maʼlumotlar berish orqali 430,8 mln soʻmlik neft mahsulotlari toʻlovlarsiz oʻzlashtirgan. Achinarlisi, sobiq bosh hisobchi taʼsischiligida ochilgan korxonaga toʻgʻridan-toʻgʻri manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyilgan holda hech qanday shartnomalar rasmiylashtirmasdan 2020-yilning avgust-dekabr oylari davomida jami 419,0 mln soʻm pul mablagʻlari moliyaviy yordam sifatida oʻtkazib berilgan, shuningdek, 1S Buxgalteriya elektron dasturiga mazkur mablagʻlarni Buxoro viloyat Tovar xomashyo birjasiga neft mahsulotlari uchun oʻtkazib berilganlik toʻgʻrisida soxta maʼlumotlar kiritilib oʻzlashtirib yuborilgan.
Gʻ.K. shaxsiy manfaatdorligi boʻlgan boshqa korxonaning “Buxoro neft bazasi” oldidagi 2 mlrd 40 mln soʻmlik qarzdorlikni undirish boʻyicha 2020-yil 3-mart kuni Iqtisodiy sudning tegishli ijro varqasini hamda 2020-yil 25-aprel kunidagi majburiy ijro byurosi organlarining ijro ishi yuritishni qoʻzgʻatish toʻgʻrisida qarori ijrosini taʼminlamaslik va qarzdorlikni undirmaslik maqsadida Majburiy ijro byurosining tegishli boʻlinmasiga 2020-yil 24-noyabr kuni qarzdorlikni undirish boʻyicha ijro ishini toʻxtatishni soʻrab “Buxoro neft bazasi” MCHJ rahbari nomidan soxta maʼlumot kiritgan va bu bilan ijro ishini toʻxtatishga erishgan.
“Oʻzbekneftgaz” AJ Moliyaviy va komplayens nazorat departamenti tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlar davomida, manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyilganligi aniqlandi, yaʼni ushbu neft bazada uzoq yillar rahbar va bosh muhandis lavozimlarida ishlagan Z.B.ga qarashlikorxonaga 4 540 litr “AI-80” markali avtobenzin mahsuloti toʻlovlar amalga oshirilmagan boʻlsada berib yuborilgan. Oʻrganish kuniga qadar esa undirish choralari mutloqo koʻrilmagan.
Aniqlangan holatlar boʻyicha kamchiliklarni undirish va vaziyatga huquqiy baho berish uchun oʻrganish hujjatlari tegishli tartibda huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga taqdim etildi.
“Oʻzbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati