Hukumatning 1993-yil 3-avgustdagi 389-sonli qarori bilan zavodni qurish ishlari boshlandi va qisqa muddatda 1997-yil 22-avgustida ishga tushirishga muvaffaq boʻlindi. Qurilishni loyihalashtirish va texnologik jarayonlarni tanlashda jahonning yetakchi neft va gaz kompaniyalari bilan hamkorlikda oʻsha davrning ilgʻor yechimlaridan foydalanildi.
Oʻtgan 25 yil davr ichida zavod respublika isteʼmolchilarini respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va aholisi uchun oʻta zarur boʻlgan neft mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlab kelyapti.
Buxoro neftni qayta ishlash zavodining 25 yilligi munosabati bilan Buxoro shahridagi Yoshlar markazi binosida tantanali tadbir tashkil etildi. Tadbir “Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayevning bayram tabrigi bilan ochib berildi.
Tantanali tadbirga tashrif buyurgan Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov oʻtgan davr ichida zavod respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va aholisi uchun oʻta zarur boʻlgan neft mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash ustida tinimsiz ishlar olib borayotgan “Oʻzbekneftgaz” AJ va zavod rahbariyati, ishchi-xodimlariga oʻz minnatdorchiligini bildirib, samimiy tilaklarini izhor etdi.
Zavodning soʻnggi 5 yillik faoliyatini tahlil etadigan boʻlsak, dastlab, yuqori oktanli AI-91, 92, 93, 95 rusumli benzinlar, soʻngra ekologik toza EKO rusumli dizel yonilgʻisi va havo laynerlari uchun zamonaviy Jet A-1 rusumli aviatsiya yonilgʻisi ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishga erishilganligini koʻrish mumkin. Joriy yil boshida Yevro-4, 5 ekologik toifadagi dizel yonilgʻisi ishlab chiqarishning yoʻlga qoʻyilganligi yana bir katta yutuqlardan biridir.
Yiliga 2 million tonnaga yaqin, jumladan 25 yilda qariyb 50 million tonnaga yaqin xomashyo qayta ishlangan. Zavod qayta ishlash quvvatlaridan yildan-yilga koʻproq foydalanish, mahalliy va respublika byudjetiga qariyb 5 trillion soʻmga yaqin soliqlar toʻlangani va bir qator ijtimoiy vazifalarning bajarilgani olib borilayotgan islohotlarning natijasidir.
Shuni alohida taʼkidlash joizki, korxonaning barqaror ishlashi va rivojlanishi koʻp jihatdan xodimlarning professionalligiga bogʻliq.
Shu sabab xodimlarining malakasini oshirish uchun doimiy kurslar tashkil etilib, tajriba almashish uchun yirik xalqaro kompaniyalarda yuborish yoʻlga qoʻyilgan. Bu esa oʻz samarasini zavodning bugungi yutuqlarida koʻrsatyapti. Zavod taraqqiyotiga oʻz hissalarini qoʻshgan 90 nafar ishchi-xodim Buxoro neftni qayta ishlash zavodi tashkil topganining 25 yillik sanasi munosabati bilan taqdirlandi.
Ular Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, “Oʻzbekneftgaz” AJ, Oʻzbekiston Respublikasi Kasaba uyushmalari federatsiyasi hamda Buxoro viloyati hokimligi tomonidan medallar bilan taqdirlanib, esdalik sovgʻalar topshirildi.
Soʻnggi yillarda zavodda tarmoqlararo kooperatsiya aloqalarini kengaytirish boʻyicha erishilgan muvaffaqiyatlarni ham qayd etmaslikning iloji yoʻq. Xususan, “Kvalitet Vostok Group” MCHJ bilan hamkorlikda YEVRO-4,5 dizel yoqilgʻisi uchun moylovchi qoʻndirma, “Fargʻonaazot” AJ bilan hamkorlikda trinatriy fosfatning kimyoviy reagent, “Shturval” MCHJ bilan hamkorlikda aminli tozalash qurilmasi faollashtirilgan koʻmiri va OʻNA va A vositalarining havosini quritish qurilmasida foydalaniladigan silikagel import oʻrni bosildi.
2020-2021-yillarda “Yangi mahsulotlar” ishlab chiqarish dasturi doirasida ultra past darajada oltingugurt saqlagan Yevro-4,5 toifasidagi dizel yoqilgʻisi, ekspluatatsion xossalari yaxshilangan Ai-95 “QuWatt” markasidagi yangi avtomobil benzini, texnik suyuq kislorod va Oʻzbekiston va Buxoro NQIZ tarixida ilk marotaba AI-98 rusumli yuqori oktanli avtomobil benzin ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. 2022-yilda Yevro-6 sinfidagi dizel yoqilgʻisini ishlab chiqarish oʻzlashtirildi.
Bugungi kunda zavodda modernizatsiya va rekonstruksiya qilish loyihasi doirasida mavjud quvvatlarni qayta ishlash chuqurligini 79 foizdan 95 foizgacha, och tusli neft mahsulotlarining rentabelligini 77 foizdan 91 foizgacha oshirish ishlari jadal surʼatlarda amalga oshirilyapti, deb xabar beradi “Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati.