Taʼkidlanishicha, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning ishonch raqamiga kelib tushgan murojaat yuzasidan Buxoro viloyat Qon quyish markazida yuqumli kasalliklarning tarqalishiga shart-sharoit yaratib berayotgan shaxslarni aniqlash boʻyicha tezkor tadbir olib borilgan. Unga koʻra, markazning masʼul shaxslari koʻrsatmasi asosida donor qonlarga nisbatan oʻtkazilgan laborator tekshiruv natijalari oʻrganilmasdan bemorlarga quyilayotgani maʼlum boʻlgan.
Maʼlumot oʻrnida, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻlikni saqlash vazirining 16.12.2013-yildagi 423-sonli buyrugʻi bilan tasdiqlangan “Qon va uning tarkibiy qismlarini topshirish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomda donorlarning qoni laborator tekshiruvdan keyin oʻtkazilishi belgilangan. Unga koʻra, Donoroning qonida OIV/OITS, “V” va “S” gepatitlari yoki boshqa gemotransmissiv insfeksiyalar elementlari aniqlanganda, qoni yoʻq qilinishi va donorlikdan chetlashtirilishi lozim.
Biroq, soha mutaxassislaridan tashkil topgan ishchi guruh tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda markazda “Qon va uning tarkibiy qismlari donorligi toʻgʻrisida”gi Qonun talablari qoʻpol ravishda buzilgani aniqlangan.
Holatga koʻra, donor N.J.ning qoni oʻtkazilgan laborator tahlil natijalari kutilmasdan bemor B.H.ga quyilgan. Tezkor tadbir davomida esa, qon quyish markazida oʻtkazilgan birlamchi laborator tekshiruvda donor N.J.da zahm (sifilis) kasalligi borligi aniqlangan va bu sudga oid biologiya ekspertizasining xulosasi bilan ham tasdiqlangan boʻlgan. Afsuski, N.J.ning donorlik qoni muassasada yuritilgan “Qon komponentlari va preparatlarining berilishini hisobga olish” jurnalida qayd qilinmagani aniqlangan.
“Bundan tashqari, tekshirish davomida plazmoferez va trombomassa uchun qon topshirgan 306 nafar donorlar oʻrganilganda, 186 nafariga qonning shaklli elementlari (trombasit, leykotsit, bazofil) oʻzlariga qaytib quyilish lozim boʻlsa-da, bu qonlar quyilmagan va xususiy klinikalarga sotib yuborilgani aniqlangan”,-deydi masʼul xodim.
Ayni paytda Buxoro viloyati prokuraturasi tomonidan viloyat Qon quyish markazi xodimlari va boshqa shaxslarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 113-moddasi, 1-qismi (Tanosil yoki OIV kasalligi/OITSni tarqatish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Hozirda viloyat IIB tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.