Bu haqda Buxoro viloyat madaniy meroc boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Holat yuzasidan, 12-mart kuni viloyat Buxoro viloyati hokimligi, Madaniy meros hamda Favqulodda vaziyatlar boshqarmalari, Buxoro mintaqaviy restavratsiya markazi masʼul xodimlari va boshqarmaning maxsus eskspertlaridan iborat Jamoatchilik Ilmiy maslahat kengashi aʼzolari ishtirokida joyida oʻrganish ishlari olib borildi.
Unga koʻra, XVI asrga tegishli boʻlgan “Talipoch qalʼa darvozasi”ning ushbu qismi 2003-yilda qayta tiklangan boʻlib, oʻtgan yillar davomida qalʼa atrofidagi devorning chap qanoti ortidagi madaniy qatlamlarning choʻkishi, qoplama devorlarida yoriqlar paydo boʻlishi hamda joriy mart oyida kuzatilgan doimiy yogʻingarchilik devorning choʻkishi va qulab tushishiga olib kelganligi aniqlandi.
Shu oʻrinda, “Talipoch qalʼa darvozasi” joriy yil davomida asrashga doir ishlar amalga oshiriladigan moddiy madaniy meros koʻchmas mulk obyektlarining manzilli roʻyxatiga kiritilgan.
Hozirda sohaga tegishli rahbarlar va mutaxassislar tomonidan mazkur obyektning atrofini oʻrab olish, mazkur huddudda yashovchi fuqarolar va obyektga tashrif buyuruvchi sayyohlar xavfsizligini taʼminlash choralari koʻrildi.
Shuningdek, viloyat hokimligi va ekspertlar tomonidan obyektning texnik holati oʻrganilib, uni tez fursatda qayta tiklash choralarini koʻrish borasidagi tegishli ishlar olib borilmoqda.