Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil 28-maydagi “Koronavirus pandemiyasining salbiy taʼsirini kamaytirish uchun turizm sohasini qoʻllab-quvvatlashga doir kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni (6002-son) va Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 6-oktyabrdagi “Koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan iqtisodiy vaziyatda turizm sohasi subyektlarini qoʻllab-quvvatlash va turizm infratuzilmasini rivojlantirish toʻgʻrisida”gi qarori (602-son) ijrosi doirasida turli grant va imtiyozlar ajratilmoqda.

Hukumat tomonidan hududlardagi tematik oshxonalarning moliyalashtirilishi pandemiya davrida restoran va umumiy ovqatlanish tizimini qoʻllab-quvvatlash barobarida infratuzilmani takomillashtirish hamda turizm sohasini yana-da rivojlantirishga zamin yaratadi.

Shu oʻrinda pandemiya davrida sohadagi tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlashga doir 100 million soʻm miqdorida grant ajratilganini taʼkidlash lozim. Hududlardagi umumiy ovqatlanish sohasi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish maqsadida ajratilgan grant mablagʻlari Buxoro va Namangan shaharlarida faoliyat yuritayotgan 2 nafar tashabbuskor munosib koʻrildi.

Imtiyozli subsidiyalar Buxoro shahri markazidagi qadimiy qalʼa devori yonida joylashgan, “menyu”sida turlicha Sharq hamda Yevropa milliy taomlari oʻrin olgan “Sham” restorani hamda Namangan viloyatidagi “Rim” kafesiga taqdim etilishi kutilmoqda.

Yuqorida nomlari keltirilgan oshxonalarda ochiq maydonda oʻrnatilgan oʻtovlar, milliy uslubdagi yogʻoch soʻrilar boʻlib, mehmonlarga qadimiy qalʼa va shaharning turfa manzaralaridan zavq olish uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Bu yerga tashrif buyuradigan mehmonlar Italiya taomlari hamda milliy taomlardan tanovul qilib, jonli musiqa tinglashlari mumkin boʻladi. Tematik turistik maskanlarning boshqalardan farqli jihati ham shunda – u yerlarga tashrif buyurgan kishilar oʻzlarini muayyan bir davr yoki makon muhitiga tushgandek his qilishadi.