BMT Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkilotining (FAO) O'zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan Buxoro viloyatining Buxoro va Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanlaridagi aholi xonadonlariga jami 20 ta motokultivator berildi.

Tadbir “Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurg'oqchil va sho'rlangan qishloq xo'jaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish” (CACILM-2) mintaqaviy loyihasi doirasida erdan yanada samarali foydalanish va yuqori daromad olish uchun qishloq hududlaridagi uy xo'jaliklarini rivojlantirishga ko'maklashish maqsadida tashkil etildi.

— Topshirilgan jihoz va uskunalar tomorqa er uchastkalarida qishloq xo'jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga ko'maklashadi, bu esa o'z navbatida ularning egalarini ish bilan ta'minlash va daromadlarini oshirish imkonini beradi. Bu loyihaning maqsad va vazifalariga mos keladi, — deydi loyihaning milliy boshqaruvchisi Muhammadjon Qosimov.

Eslatib o'tamiz, avvalroq ularga boshqa qishloq xo'jaligi texnikalari — Qashqadaryo viloyatidagi aholi xonadonlariga 20 ta suv nasosi va 10 ta qo'l purkagich, Buxoro viloyatidagi xonadonlarga 10 ta motorli burg'ulash uskunasi, 10 ta qo'l purkagich va 10 ta suv nasosi topshirilgan edi.

Bundan tashqari, CACILM-2 loyihasi doirasida Buxoro cho'l yaylov o'simliklari urug'chiligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi eng zamonaviy laboratoriya jihozlari, jumladan, laboratoriya tarozilari, anemometr, burg'ulash uskunasi, refraktometr, shuningdek, motokultivator va kichik o't o'rgich mashinasi bilan ta'minlandi. Qishloq xo'jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni yanada ko'paytirish maqsadida ilmiy-tadqiqotlarni qo'llab-quvvatlash ham loyiha missiyasiga to'liq mos keladi.