Buxoro viloyati bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi hamda “Olot” chegara-bojxona posti xodimlari tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati va Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan navbatdagi tezkor tadbirda yirik miqdordagi giyohvandlik vositasining mamlakatimiz hududi orqali noqonuniy olib o‘tilishiga barham berildi.
Joriy yilning 30 may kuni “Olot” chegara-bojxona posti orqali Afg‘onistondan Rossiya Federatsiyasiga harakatlanayotgan yuk avtotransport vositalaridan biri bojxona nazoratidan o‘tkazildi. Inspeksion ko‘rik majmuasi orqali olingan tasvirlarni sinchkovlik bilan tahlil qilgan bojxona xodimlari yuk tarkibidagi ayrim shubhali holatlarni o‘z vaqtida ilg‘ay oldi.
Tirkamadagi 18,6 tonna qadoqlangan o‘rik qoqilarining rentgen tasvirlari chuqur tahlil qilinganda, ayrim qutilar ichida noodatiy jismlar mavjudligi aniqlandi. Shundan so‘ng yuk belgilangan tartibda va xolislar ishtirokida batafsil ko‘zdan kechirildi.
Tekshiruv jarayonida 13 ta qog‘oz qutidagi o‘rik qoqilari orasiga tashqi ko‘rinishi jihatidan aynan o‘rik qoqisiga o‘xshatib tayyorlangan va mahsulotlarga aralashtirib yashirilgan giyohvandlik moddalari borligi fosh etildi.
Ekspert-kriminalistika xulosasiga ko‘ra, mazkur moddalar umumiy og‘irligi salkam 13 kilogramm bo‘lgan “geroin” giyohvandlik vositasi ekani ma’lum bo‘ldi.
Bojxonachilar tomonidan to‘xtatib qolingan salkam 13 kilogramm geroinning dunyo qora bozorlaridagi qiymati 1,5 million dollargacha baholanmoqda. Bu esa minglab dozadagi giyohvandlik vositasining yashirin muomalaga kirib borishi va ko‘plab yoshlarni zaharlab, jinoyat olamiga yetaklashining oldi olinganini anglatadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida respublikamiz boojxonachilari 363 ta holatda 1,7 tonnaga yaqin giyohvandlik vositalarining bojxona chegaralari orqali noqonuniy ravishda olib o‘tilishi va ichki hududdagi yashirin aylanmasiga chek qo‘yishgan. Olib qo‘yilgan narkotik moddalar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 461 kilogrammga ko‘paygan.
Hozirda holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.