Yoshlarni kitobga qiziqtirish orqali boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish maqsadida joriy yilning yanvar oyidan buyon 4 ta kitob, 4 ta sheʼr oʻqitish gʻoyasi asosida mahalla-tuman-viloyat bosqichidan iborat “Buxoro viloyati 2-sektori javohiri” tanlovi oʻtkazib kelinmoqda.
Xususan, Buxoro viloyatida aprel oyida ham kitobxonlik tanlovi davom ettirildi hamda mahalla va tuman (shahar) bosqichlari yakunlandi. “Nodir devonbegi” madrasasida teatr, quvnoqlar va zukkolar chiqishlari, shuningdek, respublika va viloyat taniqli sanʼatkorlari ishtirokida gala konsert shaklida viloyat bosqichi oʻtkazildi.
Eng quvonarlisi, fevral oyida 2000 nafar, mart oyida 6200 nafar, aprel oyida esa 7130 nafar yoshlar tanlovda qatnashish ixtiyorini bildirdi.
Tanlovning taqdirlash marosimida viloyat prokurori tomonidan 1-oʻrinni zabt etgan ishtirokchilarga noutbuk, 2-oʻrinni olganlarga zamonaviy “Samsung” rusumli planshet hamda 3-oʻrinni egallagan qatnashchilarga “Samsung” A11 rusumli telefonlari, shuningdek, barcha qatnashchilarga kitob va boshqa esdalik sovgʻalari topshirildi.
Tadbir davomida viloyat markaziy banki va tijorat banklari tomonidan bir qator yoshlarga, jumladan 52 nafar “Yoshlar daftari”dagi oʻgʻil-qizlarga imtiyozli kredit mablagʻlari ajratilib, Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan 460 nafar yoshlarga sertifikatlar taqdim qilindi.
Bundan tashqari, oʻtkazilgan bandlik yarmarkasi davomida 47 nafar yoshlar bandligini taʼminlash choralari koʻrildi.