Davlatimiz rahbarining Buxoroga tashrifi davomida  viloyat hokimi Botir Zaripovga bergan ilk topshiriqlari xorijiy tillarga alohida e'tibor qaratilishi hamda bu erni xorijiy tillarni o'rgatish bo'yicha namunali viloyatlardan biriga aylantirish haqida edi. Aynan shu tashrifdan so'ng xorijiy tillar sohasi yuzasidan Prezident qarorlari, Vazirlar mahkamasi qaror va boshqa farmonlar birin-ketin chiqa boshladi.

Mana bugun biz har bir ta'lim tizimini xorijiy tillar sohasisiz tasavur qila olmaymiz. Bu nafaqat xalq ta'limi yoki oliy ta'lim, balki nota'lim tizimlarda ham xorijiy tillar sertifikatsiyasini oshirish bo'yicha keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, "eng yaxshi xorijiy til o'qituvchisi" tanlovida vilyaotimizning 2 nafar ingliz tili va 1 nafar nemis hamda frantsuz tili o'qituvchilari 2 bosqichli saralash imtihonlaridan muvaffaqiyatli o'tib, chet elga malaka oshirish imkoniyatiga ega bo'ldilar. Mana yaqinda Vobkent tumanidan Shaxnoza Xolova Fransiyada, Shofirkon tumanidan Sadoqat Allamova Germaniyada nufuzli oliy o'quv yurtlarida malaka oshirib qaytdilar. Hozirgi kunda ikki nafar ingliz tili o'qituvchilarimiz Jondor tumanidan Olim Shodiyev hamda Kogon tumanidan Shavkat Shodiyev ham chet el safariga ketish arafasida. Bu, endilikda, bitta mutaxassislik sohasini mukammal o'zlashtirgan o'qituvchi uchun katta yo'llar ochilmoqda, imkoniyatlar berilmoqda, degani.

"Eng yaxshi xorijiy til maktabi" tanlovining umumiy qiymati 5 million dollar sifatida baholandi. Quvonarlisi, bizning viloyatimiz mazkur tanlovda 2-o'ringa loyiq topildi. Imtihon shaffof o'tishini ta'minlash maqsadida xalqaro til bilishni belgilovchi Linguaskill testlari olindi, natijalari qisqa fursatlarda e'lon qilindi. Linguaskil va shunga o'xshagan qulay testlar endilikda poytaxtda emas, viloyatimizning o'zida har oy o'tkazilmoqda. Til o'rganuvchilarga qulaylik yaratish uchun yana bir necha xil testlar viloyatning o'zida tashkil qilinib, qabul e'lonlarini berib bormoqdamiz.

Shuni ham ta'kidlab o'tish joizki, xorijiy tillarni o'qitishni yanada rivojlantirishga shart-sharoit yaratish maqsadida 2021-yildan buyon 1 milliard so'm pul mablag'lari ajratilgan bo'lib, maktablar moddiy-texnik bazasini boyitish maqsadida samarali sarflanmoqda.

Xorijiy til o'qituvchilariga hatto eng kichik detallarigacha alohida mablag'lar beg'araz ajratilmoqda. Bularga misol keltiradigan bo'lsak, har bir xorijiy til o'qituvchisiga zarur adabiyotlarni sotib olishlari uchun 1 million so'mdan pul mablag'lari berildi. O'qituvchilar xalqaro kitoblarni mutazam o'qib, o'z bilim va malakarini oshirmoqda.

Prezidentimizning tegishli qarorlari bilan xorijiy til o'qituvchilariga hatto imtihon xarajatlarini qoplab berish masalasi ilgari surilgan edi. Mana shu yaqin kunlarda barcha sertifikatga ega xorijiy til o'qituvchilarining imtihon xarajatlari hududiy xalq talimi tizimidagilarning malkasini oshirish markazi tomonidan to'liq qoplab beriladi.

Viloyat Xalq ta'limi tizimida 2676 nafar xorijiy til o'qituvchilari faoliyat yuritib, ulardan 977 nafarida xalqaro va milliy til bilish sertifikatlari mavjud. Bu 37 foizni tashkil etadi. Oliy ta'limda esa jami 256 nafar xorijiy til o'qituvchisi, shulardan 178 nafarida sertifikat mavjud, foiz hisobida 74,40 foizni tashkil etmoqda. 14—30 yoshda bo'lgan, xorijiy tilni bilish sertifikatiga ega yoshlar esa 1558 nafarni tashkil etadi.

Yuqorida ta'kidlab o'tilgan statistika oliy ta'lim, xalq ta'limi, professional ta'lim, maktabgacha ta'lim tizimidagi xorijiy tillar sohasidagi o'zgarishlar, islohotar natijasida ta'lim sifatiga bevosita ta'sir qiladigan sertifikatsiya 3-4 baravar oshganidan darak beradi. Respublika miqyosida esa Buxoro viloyati ikkinchi o'ringa ko'tarildi.

Nozima XOLIKOVA,

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasi huzuridagi

Xorijiy tillarni o'rganishni ommalashtirish agentligi

Buxoro viloyati vakilligi rahbari, dotsent