Buxoro viloyatida quvvati 270 Mvt boʻlgan issiqlik elektr stansiyasi ishga tushirildi

    Energetika 5 Yanvar 2022 1712

    2021-yilning 31-dekabr kuni Turkiyaning “Aksa Enerji” kompaniyasi tomonidan Buxoro viloyatining Buxoro tumanida qurilgan, quvvati 270 MVt boʻlgan gaz-porshenli issiqlik elektr stansiyasining ilk qurilmasi ishga tushirildi, deya xabar beradi Energetika vazirligi Matbuot xizmati.

    Xabarda hozir mazkur stansiyani Oʻzbekistonning yagona elektr tarmogʻiga ulash boʻyicha ishlar jadallashtirilayotgani aytilgan. Stansiya yaqin 2-3 kun ichida tarmoqqa quvvat uzatishni boshlaydi.

    Ushbu issiqlik elektr stansiyasi Buxoro viloyatida birinchisi hisoblanadi. Stansiya yiliga 2,2 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi.

    Loyiha qurilmalarining foydali ish koefitsiyentining yuqoriligi hisobiga yillik 260 million metr kub tabiiy gaz tejaladi. Tejalgan tabiiy gazga qoʻshimcha 900 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoni yaratiladi, buning natijasida (ushbu 900 million kilovatt-soat elektr energiyasi bilan) 450 ming xonadon elektr energiyasi bilan taʼminlanadi.

    Qurilish davomida 500 nafar ishchi-xodimlar faoliyat yuritgan boʻlsa, loyiha ishga tushishi natijasida, tumanda 100 nafar yangi ish oʻrni yaratildi.

    Eslatib oʻtamiz, ushbu investitsiya loyihasi Prezidentimizning 2021-yil 4-martdagi PQ-5018-son qaroriga muvofiq davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida amalga oshirildi.