Buxoroda 16 yoshli yigit va 17 yoshli qizning toʻyi boʻldi

    2-iyul kuni voyaga yetmaganlar fuqarolarning ota-onalarini maʼmuriy javobgarlikka tortish yuzasidan hujjatlar sudga yuborildi, deya xabar beradi Bolalar ombudsmani.

    Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoroda voyaga yetmaganlarning toʻy marosimi aks etgan video tarqaldi. Bolalar ombudsmani tomonidan holat alohida kuzatuvga olingani maʼlum qilindi.

    Oʻrganish davomida aniqlanishicha, 2008-yilda Shofirkon tumanida tugʻilgan А.А. (oʻgʻil bola) 2007-yilda Qorakoʻl tumanida tugʻilgan Р.Н. (qiz bola) ning oʻrtasida ikkala voyaga yetmaganning oilalari oʻzaro kelishuvi asosida joriy yilning 29-iyun kuni Buxoro shahrida nikoh toʻyi boʻlib oʻtgan.

    Mazkur holat yuzasidan Qorakoʻl tuman IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borildi.

    Bugun, 2-iyul kuni voyaga yetmaganlarning ota-onalari Н.С. va Н.Қ. larni MJtKning 47-3 moddasi (Nikoh yoshi toʻgʻrisidagi qonunchilikni yoki nikoh tuzish tartibini buzish) bilan maʼmuriy javobgarlikka tortish yuzasidan hujjatlar sudga yuborildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 15-moddasiga asosan, nikoh yoshi erkaklar va ayollar uchun 18 yosh etib belgilangan.

    Bu qonuniy talabning buzilishi bolaning taʼlim olish, sogʻligʻini saqlash hamda jismoniy, aqliy va maʼnaviy uygʻun ravishda kamol topishi huquqlariga mutlaqo ziddir.