баннер
22 Mar 2025
03:39

    Buxoroda 47 ta gaz toʻldirish shoxobchasida narxlar sunʼiy ravishda oshirilgani aniqlandi

    2024-yil 6-dekabriga qadar Buxoro viloyatida 1 m³ siqilgan gaz uchun chakana narx 3850−3950 soʻm oraligʻida boʻlgan.

    Raqobat qoʻmitasi Buxoro viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan monitoringlar davomida avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchalarida 2024-yilning 6-dekabriga qadar 1 m³ siqilgan gaz uchun chakana narx 3 850 soʻmdan 3 950 soʻmgachani tashkil etgan boʻlsa-da, 2024-yilning 7-9-dekabr kunlari 1 m³ gaz uchun chakana narx 4 150 soʻmgacha yaʼni 8 foizgacha oshgani qayd etildi. Bu haqda qoʻmita matbuot xizmati xabar qildi.

    Hududiy boshqarma tomonidan raqobatlashayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar bilan bir vaqtda yoki ketma-ketlikda siqilgan gaz narxini chakana savdoda sunʼiy tarzda oshirish orqali raqobatga qarshi kelishuvlar yoki muvofiqlashtirilgan harakatlarga ishtirok etganlik alomatlari boʻyicha 85 ta avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchalarida tegishli tartibda oʻrganish ishlari oʻtkazildi.

    Olib borilgan oʻrganishlar davomida Buxoro viloyatidagi 47 ta avtomobillarga gaz toʻldirish shoxobchalarida faoliyat yuritayotgan 44 ta xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan narxni sunʼiy tarzda oshirish uchun individual iqtisodiy sabablar, umumiy tashqi omillar mavjud boʻlmagan holatda, xarajatlarga zarurat boʻlmasa-da, narxlarni bir vaqtda yoki ketma-ketlikda oshirib (narxlarni oshirish davri: 2024-yil 5-dekabrdan — 13-dekabrga qadar) isteʼmolchilarga sotish orqasidan asossiz daromad olish holatlari aniqlandi.

    Yuqoridagi aniqlangan holatlarga muvofiq, hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan 44 ta xoʻjalik yurituvchi subyektlarga nisbatan “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunning 19-moddasi va Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlarining talablari buzilish alomatlari bilan ishlar qoʻzgʻatilib, natijasi yuzasidan belgilangan tartibda moliyaviy jarimalar qoʻllash haqida qarorlar qabul qilindi.

    Shuningdek, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yoʻl qoʻymaslik boʻyicha bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar berildi.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech