Bugun, 2024-yil 18-mart kuni soat 10:30lar atrofida Kogon tumani hududidan oʻtuvchi A-380b avtomobil yoʻlida avtobus hamda yuk avtomobili ishtirokida yoʻl-transport hodisasi sodir boʻldi.
Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, YTH oqibatida 1991-yilda tugʻilgan avtobus haydovchisi O.Sh. ogʻir tan jarohatlari bilan shifoxonada vafot etdi. Shuningdek, bir nafar yoʻlovchi tan jarohati olgan boʻlib, 25 nafar yoʻlovchilarga birinchi tez tibbiy yordam koʻrsatilgan.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining bildirishicha, 5-ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktab oʻquvchilari 2 ta avtobusda Buxoro shahridagi viloyat musiqali drama teatriga borayotgan chogʻida avtobuslardan biri yoʻl transport hodisasiga uchragan hamda bir oʻquvchi voqea joyida vafot etgan.
Avtohalokat natijasida jarohatlangan oʻquvchilar Buxoro va Kogon shaharlari hamda Kogon tumanidagi tibbiyot muassasalarida tibbiy koʻrikdan oʻtkazilmoqda. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi jamoasi mazkur baxtsiz voqea natijasida vafot etgan oʻquvchining oila aʼzolariga chuqur hamdardlik bildiradi.
Hozirda holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Surishtiruv natijalariga koʻra, voqeaga javobgar tizim masʼullariga nisbatan oʻrnatilgan tartibda tegishli choralar qoʻllaniladi.