Tadbirda ikki mamlakat delegatsiyalariga Oʻzbekiston tomonidan Bosh vazir oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov, Turkmaniston tomonidan Vazirlar Mahkamasi raisining oʻrinbosari Botir Atdayev rahbarlik qildi. Delegatsiyalar tarkibiga ikki mamlakat vazirliklari, idoralari, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari, savdo-sanoat palatalari rahbarlari, mahalliy maʼmuriyatlar rahbarlari hamda ishbilarmon doiralar vakillari kirdi.

Delegatsiyalar rahbarlari tadbir ishtirokchilariga qutlov soʻzi bilan murojaat etib, Oʻzbekiston bilan Turkmaniston oʻrtasidagi hamkorlik tobora chuqurlashib borayotganini va jadallashayotganini qayd etdi. Shu bilan birga, qatnashchilar eʼtibori keng koʻlamli ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish uchun ishga solinmagan imkoniyatlar mavjudligiga qaratildi.

Tomonlar hududlararo aloqalarni mustahkamlash va iqtisodiy samaradorligi yuqori boʻlgan tashabbuslarni birgalikda rivojlantirish muhimligini taʼkidlab, bu borada qoʻshma amaliy chora-tadbirlarni koʻrishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Ikki mamlakat hududlarining rahbarlari va biznes missiyalarining muntazam oʻzaro tashriflarini tashkil etish yoʻlga qoʻyiladi. Bundan tashqari, vazifalari hududlar oʻrtasida hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini kashf etish, istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish va muvofiqlashtirish, ularni hayotga tatbiq etish bilan bogʻliq barcha masalalarni hal qilishdan iborat boʻlgan doimiy ishchi guruhlar tashkil etilishi maʼlum qilindi.

Forum ishtirokchilari investitsiyaviy, sanoat va savdo munosabatlarini rivojlantirish uchun qishloq xoʻjaligi, avtomobilsozlik, kimyo, toʻqimachilik, charm-poyabzal va elektrotexnika sanoati kabi eng istiqbolli yoʻnalishlarga eʼtibor qaratdi.

Hududlararo aloqalarni rivojlantirish nuqtayi nazaridan chegaraoldi savdo zonalarini foydalanishga topshirish, savdo uylarini ochish hamda yuqori texnologiyali ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etishga qaratilgan qoʻshma loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish muhimligi taʼkidlandi.

Soʻzining yakunida delegatsiyalar rahbarlari Oʻzbekiston va Turkmaniston hududlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni mustahkamlash, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish va hududlararo hamkorlikning yangi oʻsish nuqtalarini kashf etish boʻyicha faol hamkorlik qilishga sodiqligini bildirdi.

Forum davomida ikki mamlakat Savdo-sanoat palatalari rahbarlari, viloyatlar va tegishli idoralar rahbarlari ham soʻzga chiqdi. Ular tomonidan investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish salohiyati va istiqbollari, shuningdek, ikki mamlakat tadbirkorlari oʻrtasida sanoat kooperatsiyasini tashkil qilish boʻyicha aniq takliflar taqdim etildi.

Bundan tashqari, tadbir doirasida ishtirokchilarning “B2G” va “B2B” formatidagi uchrashuvlari hamda ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi boʻlib oʻtdi. Forum yakunida umumiy qiymati 451 million dollarlik investitsiya va savdo bitimlari imzolandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.