Buxoroda chiqindilarni joylashtirish talablarini buzgan besh bozor maʼmuriyatiga chora koʻrildi

    Ekologiya vazirligi respublika ishchi guruhi hamda Ichki ishlar va Milliy gvardiya boshqarmalari vakillari ishtirokida hududlarning sanitar holati yuzasidan ekologik nazorat reyd tadbirlari oʻtkazildi.

    Oʻtkazilgan reyd tadbirlarida Buxoro viloyatining Kogon shahri, Shofirkon va Gʻijduvon tumanlarida joylashgan oziq-ovqat hamda buyum bozorlari sanitariya talablariga javob bermasligi, sanitar tozalash infratuzilmasi obyektlarini joylashtirish va ulardan foydalanish talablari buzilganligi aniqlandi.

    Holat yuzasidan “Gʻijduvon dehqon bozori”, “Kogon savdo market”, “Kogon Sohibkor dehqon bozori”, “Shofirkon dehqon bozori” va “Shofirkon savdo kompleksi” maʼmuriyatining jami 5 nafar mansabdor shaxslariga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda bayonnomalar rasmiylashtirilib, tegishli Sud organiga taqdim etildi.

    Shuningdek, oʻrganishda bir qator fuqarolar tomonidan belgilanmagan joylarga chiqindi tashlash holatlari aniqlanib, har bir huquqbuzarga nisbatan MJtKning 91-moddasi 1-qismi bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi va BMHning 1 baravari, yaʼni 375 ming soʻmdan jarima qoʻllanildi.

    Bundan tashqari, Agentlik masʼullari va Ekologik davlat nazorat inspektorlari tomonidan fuqarolar va tadbirkorlar oʻrtasida tushuntirish-targʻibot ishlari olib borildi. Unda Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 2-oktabrdagi 787-son qaroriga muvofiq sanitariya jihatidan tozalash infratuzilmasi obyektlarini joylashtirish va ulardan foydalanish hamda maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish qoidalari haqida batafsil tushuntirildi.