Buxoroda hokim yordamchisi pora bilan qoʻlga tushdi

    Buxoro viloyati Peshku tumanidagi mahalla fuqarolar yigʻinida ishlovchi hokim yordamchisi pora olayotganda ushlandi.

    Maʼlumotlarga koʻra, u hokimiyat zaxirasidagi 7 sotix yer maydonini “K-savdo” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga joylashtirib, onlayn auksion orqali rasmiylashtirib berish evaziga mahalliy tadbirkordan 6 ming AQSH dollari talab qilgan.

    Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura huzuridagi Departament va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda u tamagirlik yoʻli bilan pulni uchinchi shaxs orqali qabul qilib olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi.

    Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatildi va qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.