Ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek Azamov, Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov, viloyatdagi korxona va tashkilotlar rahbarlari, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi. Masʼullar so‘nggi yillarda turizm sohasini rivojlantirish natijasida mamlakatimizga xususan, Buxoroga kelayotgan sayyohlar va ziyoratchilar soni yildan-yilga keskin ko‘payib borayotganini mamnuniyat bilan taʼkidlashdi.
Birgina 2019-yilda viloyatga tashrif buyurgan sayyohlar soni 3,6 million nafar, xorijiy turistlar soni 600 ming nafardan ortib, avvalgi yillarga nisbatan 2,5-3 baravarga ko‘paygan.
Bahouddin Naqshband ziyoratgohining ro‘parasida qad rostlagan “Poykent Bukhara” shu nomli mehmonxonalar tarmog‘ining 4-mehmonxonasi hisoblanadi. Bugungi kunga qadar “Poykent Bukhara” mehmonxonalar tarmog‘ining Xoja Anjir Fag‘naviy, Xoja Orif Revgariy, Sayyid Mir Kulol muqaddas qadamjolari qoshida mehmonxonalari faoliyat olib borayotgan edi. Ham milliylik, ham zamonaviy elementlarni o‘zida uyg‘unlashtirgan ushbu mehmonxonada endilikda sayyohlar uchun qo‘shimcha 104 ta xona va 250 o‘rin yaratilgan. Shuning barobarida 50 dan ortiq yigit-qiz muqim ish bilan taʼminlandi.
Buxoro shahridagi “Garden Plaza” mehmonxonasining ochilish marosimida ishtirokchilar tomonidan davlatimiz rahbari hamda hukumatimiz tomonidan turizm sohasidagi investorlarga yangi qurilgan 3 yulduzli toifaga va 50 xonadan kam bo‘lmagan xonalar fondiga ega mehmonxonaning har bir xonasiga 40 mln so‘m hamda 4 yulduzli toifaga va 100 ta xonadan kam bo‘lmagan xonalar fondiga ega mehmonxonaning har bir xonasiga 65 mln so‘mdan subsidiya ajratilishi tadbirkorlar uchun imkoniyatlar eshigini ochib berayotgani qayd etildi.
“Garden Plaza” mehmonxonasida yotoq xizmatidan tashqari 300 kishiga mo‘ljallangan 2 ta zamonaviy restoran, 60 kishiga mo‘ljallangan ochiq havodagi restoran, suzish havzasi, sauna, konferensiya va muzokaralar zali, billiard, stol tennisi, fitnes zali xizmatlarining ham yo‘lga qo‘yilganligi viloyatga tashrif buyurgan xorijiy va mahalliy sayyohlar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratishi bilan ahamiyatlidir. Loyiha qiymati 25 milliard so‘mga teng mehmonxona ochilishi natijasida sayyohlar uchun qo‘shimcha 72 ta xona 150 ta o‘rin, shuningdek, 50 nafar turizm sohasi mutaxassisi uchun yangi ish o‘rni yaratildi.
Maʼlumot uchun, ayni paytgacha, viloyatda katta-kichik hajmdagi 413 mehmonxona negizida 10 ming 63 nafar mehmonni qabul qilish quvvati yaratilgan. Misol uchun, 2020-2021-yillarda jami 2 ming 646 nafar mehmon qabul qilish imkoniga ega bo‘lgan 110 yangi mehmonxona va joylashtirish vositalari qurib bitkazildi, bu sohada 700 mingga yaqin muqim ish o‘rinlari yaratilgan.