Birmuncha murakkab jarrohlik operatsiyasi deganda, albatta, narkoz, anesteziya, chuqur tigʻ kesish va yana shu kabi kishini beixtiyor qoʻrquvga soladigan jihatlar eslanadi. Ammo kuni kecha respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialida oʻtkazilgan yuqori texnologiyali murakkab operatsiya aytish mumkinki, narkozsiz, jarohatlarsiz va bor-yoʻgʻi 30 daqiqada bajarilgani bilan ahamiyatlidir. Bir necha yildirki, yurak qon-tomir kasalligi bilan ogʻrib, turli davo muolajalarini olib kelayotgan 64 yoshli Gʻofur Sharipov atigi ikki santimetrli kesma bilan ogʻir xatalikdan xalos boʻldi.

— Ochigʻi, bundan besh-olti yil oldin Buxoroda bolalar yoki kattalarda yurak, jigar, buyrak, oʻpka operatsiyalari amalga oshiriladi, deyilsa kim ishonardi ?! Bor-budini sotib yoki qarindosh-urugʻidan qarz-havola qilib bemorini Rossiya, Hindiston, Isroil va boshqa davlatlarga olib yugurgan yurtdoshlarimiz kammidi?! Bunga imkoniyati boʻlmaganlar-chi, Yaratgandan najot kutishdan boshqa qoʻlidan nima kelardi?! Ixtisoslashgan yordamdan foydalanish uchun poytaxtga qatnaganlar, order uchun navbatda turganlar qancha edi ?! Endi bunday ovvoragarchiliklarga barham berilmoqda. Murakkab jarrohlik amaliyotlari endilikda oʻzimizda malakali mahalliy shifokorlar tomonidan barcha zamonaviy talablarga javob beradigan, yuqori texnologiyaga asoslangan uskunalar yordamida bajarilmoqda, – deydi respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filiali direktori Tohir Musoyev. — Filialimizda viloyatda ilk marotaba yurakka uch kamerali kardioresinxronlovchi terapiyali kardioverter-defibrillyator (CRT) apparati oʻrnatildi.

Bu apparat yurak yetishmovchiligini davolash va hayot uchun xavfli aritmiyalar, qorincha taxikardiyasi yoki qorincha fibrilatsiyasini bostirish uchun moʻljallangan kombinatsiyalangan qurilma hisoblanadi. Bundan CRT funksiyasiga ega yurak stimulyatorlari bemorlarda yurakning sinxron qisqarishini tiklashga va natijada yurak yetishmovchiligi bilan bogʻliq alomatlarni yoʻqotishga xizmat qiladi. Tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, CRT implantatsiyasidan soʻng bemorlarning umumiy ahvoli va hayot sifati yaxshilanadi, jismoniy zoʻriqishlarga chidamlilikni oshiradi.
Aytish joizki, murakkab jarrohlik amaliyotini boshidan kechirgan bemor Gʻofur Sharipov bir necha yil havo–nafas yetishmaslik hissi, tez charchash, hansirash, kuchli umumiy holsizlik kabi shikoyatlar bilan poytaxt va xorijiy klinikalarda shifo istab, ovora boʻlgan, iqtisodiy qiyinchilik tufayli oxir–oqibat RSHTYOIM Buxoro filialiga murojaat qilishga majbur boʻlgan va bu harakati tufayli endilikda u dardidan forigʻ boʻlib, tuzalish yoʻliga oʻtdi. Operatsiyadan soʻng bemor oʻzini juda yaxshi his qilmoqda va tibbiyot xodimlaridan minnatdor.

Umuman, bu yangilik va erishilayotgan yutuqlar yurtimizda shifokorlar mehnatini qadrlash va ular uchun munosib mehnat sharoitini yaratib berish, aholi salomatligini asrashda sohaga ilgʻor va zamonaviy texnologiyalarni keng tadbiq etishga doimiy ravishda davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida eʼtibor qaratilayotgani tufaylidir. Xususan, aholiga tibbiy xizmat koʻrsatishning barcha bosqichlari, xoh u olis bir qishloq hududi, xoh shahar markazi boʻlsin, barcha uchun birdek shart-sharoit yaratilayotgani, olib borilayotgan islohotlar RSHTYOIM Buxoro filialida ham murakkab va noyob kardiologik, neyroxirurgik va boshqa jarrohlik amaliyotlari yuqori darajada amalga oshirish imkonini bermoqda.