Buxoroda ilk qahvaxona ochgan germaniyalik rassom

    Turizm 5 Iyul 2020 1615

     Gertrud SHrenk  - asli Germaniyalik bo'lgan rassom va veb-dizayner.

    Uning o'zbek milliy naqshlariga bo'lgan muhabbati Buxoroga etaklaydi. Tabiiy qahvaga bo'lgan ishtiyoqi esa shahardagi ilk qahvaxonani ochishiga turtki bo'ladi. O'z biznesini yo'lga qo'yganidan 6 yil o'tgach, tashabbuslari borasidagi taassurotlari bilan Spot nashriga o'rtoqlashadi.

    Mazkur nashrda u o'zi haqida: "Men rassomman, 1992 yilda Ioganna Guterberg nomli Maynts universitetini tamomladim. Sankt-Peterburg va boshqa shaharlardagi ko'rgazmalarda ishtirok etdim. Germaniyada mening bir qo'shnim bor edi, u o'zbekona, sharqona naqshlarni yaxshi ko'rishimni bilib, O'zbekistonda har qanday rassom bu kabi naqshlarni chizishi mumkinligini aytdi. So'ngra, men ijtimoiy tarmoqlarda ma'lumot axtarishni boshladim va rassom Asad Barnoevni topdim. U mening ko'rgazmamga kelishga va naqshlarni jonli yaratish jarayonini ko'rsatishga rozi bo'ldi. Uning iste'dodiga qoyil qoldim, men O'zbekistonga borib, hamma narsani o'zim o'rganishni qaror qildim. SHunday qilib, 2008 yilda ilk marotaba Buxoroga keldim” - deydi, Gertrud SHrenk interv`yusida.

    Nemislar qahvani juda yaxshi ko'radi. Uch hafta shaharda bo'lgan mehmon bir finjon qahva ichadigan va o'zini bu ichimlik bilan quvontiradigan bitta ham qahvaxonani topolmagan. SHundan keyin qahvaxona ochishga ahd qilgan Gertrud Schrenk 3 yillik harakatlaridan so'ng, 2012 yilda Buxoroda ilk “Wishbone” nomi ostidagi qahvaxonasini tashkil etadi. Ushbu qahvaxona nomi uning Germaniyadagi kompaniyasi nomi bilan ataladi. Mazkur qahvaxona XVI asrda qurilgan Tim Abdullaxonning savdo rastasida joylashgan va allaqachon, viloyatga keladigan sayyohlar ko'nglidan joy olib, ularning sevimli maskaniga aylanib ulgurgan.