Buxoroda madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish boʻyicha investorlar hamkorlikka chorlanmoqda

    Turizm 12 Avgust 2020 4630

    Viloyatda texnogen jarayonlarida zarar koʻrgan, yemrilish holatlari mavjud boʻlgan madaniy meros obyektlari soni nisbatan koʻpligi sababli ular holatini qisqa va tez fursatda yaxshilash ishlarini amalga oshirish uchun zarur moliyaviy mablagʻlarga ehtiyoj yuzaga keladi.

    Buxoro viloyatidagi moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan jami 829 ta moddiy madaniy meros obyektlari tarkibida 287 ta arxeologiya yodgorliklari, 31 ta madrasa, 105 ta masjid, 14 ta maqbara, 133 ta arxitektura ansambllari (tarkibi bilan), 15 ta karvonsaroylar, 4 ta tim va toqlar, 18 ta diqqatga sazovor joylar, 122 ta qadimiy uy-joylar, 83 ta arxitektura yodgorliklari, 17 ta monumental yodgorliklar mavjud.

    Maʼlumki, asrlar mobaynida sodir boʻlayotgan issiq va sovuq iqlim sharoitlari, surunkali yogʻingarchiliklar, yer osti suvlari koʻtarilishi oqibatida madaniy meros obyektlarining yemrilishi, poydevor, tom va devor qismlariga zarar yetishi holatlari kuzatilmoqda. Oʻz navbatida tarixiy va moddiy ahamiyatga ega boʻlgan bu kabi madaniy meros obyetlarining umumbashariy qiymatini saqlash, yemrilish holatlari olidini olish va ularning holatini yaxshilash uchun har yili katta miqdordagi moliyaviy resurslar talab etiladi. Viloyatda texnogen jarayonlarida zarar koʻrgan, yemrilish holatlari mavjud boʻlgan madaniy meros obyektlari soni nisbatan koʻpligi sababli ular holatini qisqa va tez fursatda yaxshilash ishlarini amalga oshirish uchun zarur moliyaviy mablagʻlarga ehtiyoj yuzaga keladi.

    Shu oʻrinda qayd etish lozimki, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 49-moddasida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi Oʻzbekiston xalqining tarixiy, maʼnaviy va madaniy merosini avaylab asrashga majburligi belgilab qoʻyilgan. Demak, har birimiz bebaho tarixiy yodgorliklarimiz hisoblangan madaniy meros obyektlarini asrab avaylash, butligini saqlash hamda kelajak avlodga yetkazish uchun birdek masʼulmiz.

    Shunga koʻra, ayni paytda Buxoro viloyat madaniy meros boshqarmasi viloyat hokimligi bilan hamkorlikda madaniy meros obyektlarini saqlash, tiklash va ulardan samarali foydalanish boʻyicha belgilangan talablar asosida loyihalarni amalga oshirish ishlarida ishtirok etish istagida boʻlgan mahalliy va xorijiy investorlarni jalb qilish maqsadida 16 ta madaniy meros obyektlarining pasportlari tayyorlanib, ularning joylashuvi, tarixi va tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish boʻyicha qulayliklari haqidagi maʼlumotlari tayyorlanib, OAV va internet tarmoqlariga joylashtirildi.

    Ayni paytgacha, viloyatda madaniy meros obyektlarini butligini saqlash, ularni yaxshilash, restavratsiya qilish hamda sayyohlar uchun jozibador obyektga aylantirish boʻyicha mahalliy va xorijiy investorlar tomonidan 16 ta loyiha taqdim etildi. Mazkur loyihalar asosida yoʻnaltiriladigan investitsiya qiymati 65,6 mlrd soʻmni (tashabbuskorlar hisobidan 43,7 mlrd soʻm, kredit hisobidan 21,9 mlrd soʻm), tashkil etib, jami 295 ta yangi ish oʻrni ochilishi koʻzda tutilgan.

    Jumladan, “Gʻoziyon”, “Turkman”, “Hotam Hindu”, “Domullo Tursunjon”, “Hoʻja Qurbon”, “Rahmonqul” madrasalari, “Karvon boshi”, “Baroyi Koʻhna”, “Rashid” karvonsaroylari, “Magʻoki Koʻrpa”, “Mirzo Usmon”, “Doʻstim Chorgʻosi”, “Bozori Gul”, “Mir Ibrohim” masjidlari, “Mavlono Sharif” majmuasi va XIX-XX asrlarda qurilgan sobiq bolalar bogʻchasi binolarini restavratsiya qilish va ular negizida gilamchilik, kulolchilik, zardoʻzlik, zargarlik, ganchkorlik, yogʻoch oʻymakorligi, kandakorlik kabi hunarmanchilik markazlari, milliy uslubdagi mehmonxonalar va choyxona tashkil etish boʻyicha dastlabki loyihalar tayyorlanib, Madaniy meros departamenti huzuridagi ilmiy-ekspert Kengashiga taqdim etilgan.

    Foto: Buxoro viloyat madaniy meros boshqarmasi matbuot xizmati

    Foto: Buxoro viloyat madaniy meros boshqarmasi matbuot xizmati

    Foto: Buxoro viloyat madaniy meros boshqarmasi matbuot xizmati

    Foto: Buxoro viloyat madaniy meros boshqarmasi matbuot xizmati

    Buxoro viloyat madaniy meros boshqarmasi matbuot xizmati.