Buxoroda maxsus texnika piyodani bosib ketdi

    64 yoshli ayol voqea joyida vafot etdi.

    Ijtimoiy tarmoqlarda “Buxoroda maxsus texnika piyodani bosib ketdi” rukni ostida xabar tarqaldi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot berdi.

    Qayd etilishicha, 2025-yilning 15-may kuni viloyat IIB 102 tizimiga Tez tibbiy yordam shifokori tomonidan Buxoro shahar markaziy bozori oldida YTH sodir boʻlganini bildirgan.

    Olib borilgan kechiktirib boʻlmas surishtiruv harakatlari davomida, shu kuni H.I. ismli shaxs oʻz boshqaruvida boʻlgan XSMG XE60V rusumli ekskavatorni Ibn Sino koʻchasi boʻylab harakatlanib borayotgan vaqtida Buxoro shahar markaziy bozoridan chiqib yoʻlni kesib oʻtayotgan 1961-yilda tugʻilgan ayolni koʻrmay qolib bosib ketishi oqibatida YTH sodir boʻlgan.

    Ayol voqea joyida vafot etdi.

    Bildirilishicha, hozirda ushbu holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

    “Tergov yakuniga koʻra holatga huquqiy baho berilib, javobgarlikning muqarrarligi taʼminlanadi”, deyiladi IIB xabarida.