Viloyatda 544 ta mahalla fuqarolar yig‘inlari mavjud bo‘lib, ularda 610 ta saylov uchastkasi tashkil etilgan.

Joriy yilning 4-9-oktyabr kunlari viloyat Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi tomonidan mazkur saylov uchastkalarida saylov qonunchiligidagi o‘zgarishlar, okrug va uchastka saylov komissiyalarining fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari bilan o‘zaro munosabatlari, kuzatuvchilarning huquq va majburiyatlariga doir o‘quv-seminar tashkil etildi. Unda saylovlarni kuzatish bo‘yicha fuqarolar yig‘inlaridan 610 nafar kuzatuvchi ishtirok etdi. 

Seminarda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti kichik ilmiy xodimi Furqat Sodiqov ishtirok etib, yurtimizda yuz berishi kutilayotgan muhim siyosiy jarayon ahamiyati, saylovni munosib o‘tkazish borasida yig‘ilganlarga seminar-trening o‘tkazdi.

Joylarda tashkil etilgan o‘quv va seminarlarda kuzatuvchilarga, shuningdek, saylov kodeksining mazmun-mohiyati, saylov qonunchiligidagi o‘zgarishlar, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari kuzatuvchilarining huquq va majburiyatlari, saylovlarda ovoz berish qoidalari yuzasidan tayyorlangan tarqatma material (slayd, qo‘llanma)lar taqdim qilindi, savol-javoblar o‘tkazildi.