Davlatimiz rahbari  tibbiyotni xalqqa yanada yaqinlashtirishni sog'liqni saqlash tizimining ustuvor vazifasi sifatida belgilab berdi.  Bunga erishish uchun esa odamlar shifo maskanlarida uzundan-uzoq navbat kutib, turli byurokratik to'siqlarga duch kelib, ovorayu sarson bo'lishi emas, shifokorlarning o'zi bemorlar huzuriga borib, ularning dardiga darmon topishi kerak. Hozir mamlakatimizda aynan shunday xalqchil tizimni bosqichma-bosqich hayotga tatbiq etishga kirishilgan.  Xususan, Sog'liqni saqlash vazirligi tomonidan Qashqadaryo, Namangan, Surxondaryo, Farg'ona va Toshkent viloyatlarida o'tkazilgan sog'lomlashtirish aktsiyalarida bu mexanizm sinovdan muvaffaqiyatli o'tdi.

Ezgu tashabbusning qisqa vaqt ichida quloch yoyib, aktsiya geografiyasi kengayib borayotgani esa yanada quvonarli.  Galdagi manzil — Buxoro viloyati. Shu kunlarda Sog'liqni saqlash vazirligi markaziy apparati jamoasi, ixtisoslashtirilgan markazlar mutaxassislari va tibbiyot oliy o'quv yurtlari professor-shifokorlari, jami 150 nafardan etakchi ortiq mutaxassislardan iborat tibbiy guruh ushbu hududda. Sog'lomlashtirish aktsiyasi esa allaqachon start olgan.

 Bu orqali Prezidentimizning tibbiyot xodimlari bilan bo'lib o'tgan ochiq muloqotida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta'minlash maqsad qilingan.

 Shu o'rinda qisqacha ma'lumot: hozirgi kunda Buxoro viloyatida 249 ta davolash-profilaktika muassasasi faoliyat yurityapti. Ulardan 187 tasi ambulator, 30 tasi statsionar sharoitda tibbiy xizmat ko'rsatadi. 13 ta tuman va shahar tibbiyot birlashmasi mavjud. 14 ta viloyat davolash-profilaktika muassasasi, Jongeldi qishloq uchastka shifoxonasi, Gazli shahar kasalxonasi, Moxi-Xossa tug'uruq kompleksi aholi xizmatida.

 Tibbiyotimizdagi yangilanishlar samarasi Buxoroda ham o'z aksini topayotgani, sog'liqni saqlash sohasi odamlarga yanada yaqinlashib, tibbiy xizmat sifati va qamrovi oshib borayotgani quvonarli, albatta. Ammo tizimda hali o'z echimini kutayotgan masalalar kam emas.

Tahlillarga ko'ra, o'tgan yil yakunida viloyatda umumiy kasallanish ko'rsatkichlari 15 yoshgacha bo'lgan bolalar o'rtasida 6,8, o'smirlar orasida 7,04 hamda 18 yoshdan katta aholi qatlami o'rtasida 0,4 foizga kamaygan.

 Biroq hududda turli surunkali xastaliklar bilan dispanser nazoratida turgan bemorlar soni viloyat aholisining 17,3 foizini tashkil qilmoqda. Garchi bu raqamlar 2020 yildagi ko'rsatkichlardan 5,6 foiz past bo'lsa-da, kamayish tendentsiyasini  qoniqish hosil qilib bo'lmaydi.

 Bunday o'tkir muammolarni tizimli va manzilli hal etish uchun esa birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalari faoliyatini yaxshilash, olis va chegara tumanlar aholisining sohaga doir muammolarini o'rganish hamda ularga ijobiy echim topish, uzoq mahallalarda tibbiyot punktlarini tashkil etish kabi qator chora-tadbirlar talab etiladi.

 Buxoroda boshlangan sog'lomlashtirish aktsiyasida ayni shu masalalar echimiga alohida e'tibor qaratilmoqda.  Uning birinchi bosqichida poytaxtdan kelgan mutaxassislar joylarda “xonadonbay” tamoyili asosida aholi salomatligi, ularni qiynayotgan tibbiyotga doir muammolarni o'rganmoqda, fuqarolar o'rtasida kasalliklar profilaktikasi bo'yicha targ'ibot tadbirlarini o'tkazyapti.

 Asosiysi, hududlar kesimida bemorlar ro'yxati shakllantirilib, og'irlik darajasi bo'yicha tasniflanyapti. YUqori texnologik amaliyotlarga muhtoj toifa  Davlat tibbiy sug'urtasi va tegishli fondlar mablag'lari hisobidan operatsiyaga tavsiya etilyapti.

 Shuningdek, aktsiya davomida mobil` mammografiya, ko'chma laboratoriya va maxsus jihozlangan mobil` tibbiy avtomashinalarda uzoq hududlarga borib, aholi salomatligini yaxshilashga ko'maklashish ko'zda tutilgan.

 Ikkinchi bosqichda vazirlikning maxsus guruhi tomonidan viloyatning qator tumanlarida namunaviy ommaviy tekshiruvlar o'tkazilmoqda. Bu orqali imkon qadar ko'proq bemorlarni qamrab olish, hudud tibbiy salohiyatini o'rganish, muammolarga shu erning o'zida echim topishga qaratilgan sayyor qabullar tashkil etish rejalashtirilgan.

Ayni paytda  aktsiya doirasida Respublika shoshilinch tibbiy markazi Buxoro filiali va boshqa qator muassasalarda og'ir kasalliklarga chalingan, yuqori texnologik jarrohlik muolajasiga muhtoj bemorlarda davlat hisobidan operatsiyalar boshlab yuborildi. Bu amaliyotlarga respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari va boshqa markaziy shifo maskanlaridan borgan etakchi mutaxassislar boshchilik qilmoqda.

Qolaversa, yangi oilaviy poliklinikalar va oilaviy shifokor punktlarini tashkil etish, zarur hududlarda konteyner shaklidagi tibbiy punktlar faoliyatini yo'lga qo'yish, tez tibbiy yordam xizmatini maqbullashtirish bo'yicha ham zarur chora-tadbirlar belgilangan.

 Sog'lomlashtirish aktsiyasi davom etmoqda, deb xabar beradi  Sog'liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.