Buxoroda Qoraxoniylar davriga oid shaharcha topildi

    Surxondaryo viloyati Sherobod tumani Xatak qishlogʻidan qadimgi tosh davriga oid gʻor aniqlandi.

    AOKAda oʻtkazilgan brifingda Fanlar akademiyasi axborot xizmati rahbari Mohira Jumanova oʻtgan yarim yillikda olib borilgan arxeologik tadqiqotlar haqida maʼlumot berdi.

    Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi tomonidan joriy yilning 1-yarim yilligida jami 10 dan ortiq arxeologik obyektda izlanishlar olib borilib, qoʻlga kiritilgan maʼlumotlar tariximizni yangi sahifalar bilan boyitdi. Jumladan, Surxondaryo viloyati, Sherobod tumani Xatak qishlogʻi yaqinida olib borilgan izlanishlar natijasida qadimgi tosh davriga oid gʻor-makon aniqlandi.

    Gʻor-makon 100-60 ming yil oldin, yaʼni, neandertal odami yashagan davrga tegishliligi aniqlandi. Topilmalar orasida tosh qurollar, yovvoyi hayvonlarning maydalangan suyaklari va oʻchoq qoldiqlari mavjud. Shuningdek, Gʻoz qishlogʻi atrofida Oqtosh togʻi hududida choʻkichlab ishlangan bir oʻrkachli tuyaning qoyatosh tasviri, shu bilan birga bu hududdan mezolit davriga oid yodgorlik aniqlanib, koʻplab toshdan yasalgan buyumlar topildi.

    Oʻzbekiston-AQSH qoʻshma ekspeditsiyasi tomonidan Buxoro Shahristonida olib borilgan qazishma ishlari natijasida ilk oʻrta asrlarga oid yana bir shahar aniqlandi. Mazkur ekspeditsiya tomonidan Jizzax viloyati Zomin tumani Toʻgʻonbuloq yodgorligida ilk arxeologik tadqiqotlar olib borildi va Qoraxoniylar davriga oid 20 gektar maydonga ega koʻchmanchilar shaharchasi aniqlandi.

    Fransiya-Oʻzbekiston qoʻshma ekspeditsiyasi tomonidan Janubiy Nurota togʻ tizmasi Gʻoʻbdintogʻ va Qaroqchitogʻ (Qorachatogʻ) hududlarida yigirmadan ortiq arxeologik topilma joylar tizimli ravishda oʻrganildi, ular orasida bronza davridan oʻrta asrlar davriga doir 145 dan ziyod noyob qoyatosh rasmlari namunalari topildi. Axsikent arxeologik ekspeditsiyasi tomonidan Axsikent arxeologik obyektida qazuv ishlari davomida Qoraxoniylar davriga oid turar joy qoldiqlari va koʻplab sopol buyumlar, tangalar va temir buyumlari aniqlandi.

    Andijon viloyati Qoʻrgʻontepa tumani Xonabod shahri togʻ yon bagʻrilaridagi Xonabod 1-2 yodgorliklaridagi qabr qoʻrgʻonlarida qazuv ishlari olib borilib, miloddan avvalgi VI-IV asrlarga oid moddiy madaniyat buyumlari, jumladan, qabr-qoʻrgʻonlar, taqinchoqlar, sopol buyumlar, temir buyumlar aniqlandi.

    Fargʻona viloyati Qoʻqon shahari markazidagi Tepaqoʻrgʻon arxeologik yodgorligida tadqiqot ishlari olib borilib, qadimiy shaharning janubi-sharqiy qismida yarim aylana koʻrinishidagi burj va ikki qatorli mudofaa devori mavjudligi, shuningdek, shimoliy tomonda 7 metr balandlikda saqlangan mudofaa devori aniqlandi.

    Hozirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Beruniy tumanidagi Oqshaxon-qalʼa yodgorligida qazuv ishlari olib borilib, qalʼaga kirish darvoza oldi labirint qismi oʻrganilmoqda. Toshkent viloyati Ohangaron tumani Suyurlitepa yodgorligi va uning atrof hududlarida statsionar qazishma ishlari olib borilib, mudofaa inshooti aniqlandi. Shuningdek, Suyurlitepa shahar qismidagi ichki yoʻllar tizimi, shaharning rabod qismida Qovunchi II madaniyatiga oid 3 ta mozor-qoʻrgʻon aniqlandi. Suyurlitepaning janubiy qismida ilk oʻrta asrlarga oid qishloq jamoasi manzilgohi ochib oʻrganildi.

    Oʻzbek-Rossiya qoʻshma ekspeditsiyasi tomonidan Fargʻona, Namangan va Andijon viloyatlari hududida, Markaziy Fargʻona choʻllarida qadimgi tosh davri – neolit jamoalari tomonidan qoldirilgan topilma joylar oʻrganilib, Ulugʻnor, Shoʻrkoʻl kabi qadimgi koʻllar hududida neolit davri mikrolit qurollari aniqlandi hamda hudud polinalogiyasini aniqlash maqsadida namunalar olindi.