Samarqand arxeologiya instituti xodimlari tomonidan olib borilayotgan tadqiqotlar jarayonida ibodatxona qoldiqlari orasidan mazkur noyob topilma aniqlangan.
Mutaxassislarga ko‘ra, haykalning yuz tuzilishi, soch turmagi va boshqa ikonografik xususiyatlari qadimgi So‘g‘d sanʼatining o‘ziga xos jihatlarini o‘rganishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi. Topilma Qo‘rg‘ontepa ibodatxonasining diniy-badiiy bezagi va o‘sha davr sanʼati haqida yangi maʼlumotlar berishi mumkin.
Qazishmalar davomida aniqlangan xonalar qoldiqlari va boshqa arxeologik ashyolar ibodatxonaning ichki tuzilishi, vazifasi hamda bu yerda o‘tkazilgan diniy marosimlarni o‘rganish imkonini bermoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Elmurod Najimovning taʼkidlashicha, 2027 yildan boshlab har yili arxeologik tadqiqotlarni, xususan, yosh arxeologlar loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun 25 milliard so‘m miqdorida grantlar ajratiladi.
Qayd etilishicha, 2024 yilda ham Qo‘rg‘ontepadagi mazkur ibodatxona qoldiqlaridan to‘rt qo‘lli maʼbud tasviri aks ettirilgan devoriy rangtasvir, shuningdek, sopol haykalga oid qo‘l va oyoq qismlari topilgan.
Mutaxassislar bunday topilmalar qadimgi O‘zbekiston tarixi va madaniyati haqidagi ilmiy tasavvurlarni yanada kengaytirishini taʼkidlashmoqda.