Buxoro shahrida qurilishi tugallanmagan bino konstruksiyasi buzilishi oqibatida quruvchilardan biri jarohatlandi. Bu haqda viloyat FVB matbuot xizmati jabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, 31-oktyabr kuni soat 16:03 larda fuqaro Sh.S.dan olingan maʼlumotga koʻra, Buxoro shahar Doʻstlik MFY T.Farogʻiy koʻchasida joylashgan qurilishi uch qavatli binoning tom qismida qurilish materiallarining vazndan ortiq yuklanishi natijasida binoning yuk konstruksiyalari (regil plitalari) qulagan.
Oqibatda mazkur qurilishi tugallanmagan binoda quruvchi boʻlib ishlayotgan K.R. (1973-yilda tugʻilgan) bino qulashi oqibatida tan jarohati olgan. U viloyat FVB Yongʻin-qutqaruv otryadi tomonidan qutqarilgan va Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialida yotqizilgan.
Hozirda Buxoro viloyati qurilishi sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi xodimlari tomonidan binoning qulab tushishi bilan bogʻliq oʻrganish ishlari olib borilmoqda.