Buxoroda salkam 54 mln soʻmlik pirotexnika vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qoʻyildi

    Buxoro viloyati bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish boʻlimi tomonidan viloyati ichki ishlar boshqarmasi va Milliy gvardiya xodimlari bilan hamkorlikda Buxoro shahrida tezkor tadbir oʻtkazildi.

    Tezkor tadbirda oldindan kuzatuvga olingan shaxs boshqaruvidagi “Isuzu” rusumli avtotransport vositasi toʻxtatilib, belgilangan tartibda koʻzdan kechirildi.

    Natijada, mazkur transport vositasi yukxonasiga xorijda ishlab chiqarilgan va noqonuniy yoʻllar bilan olib kirilgan 14,4 ming dona petarda va 112 dona salyutlar ortilgani aniqlandi.

    Vaqtincha saqlovga olingan mazkur pirotxenika vositalarining umumiy qiymati dastlabki hisob-kitoblarga koʻra salkam 54 mln. soʻmni tashkil qilmoqda.

    Holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.