Aniqlanishicha, mazkur shaxslar Olot tumanidagi dehqon bozori, savdo doʻkonlari, kafe va restoranlar faoliyatiga noqonuniy aralashib, karantin qoidalariga rioya qilinishi yuzasidan tekshiruvlar oʻtkazib, salbiy maqola chiqarish orqali savdo obyektini yoptirish, jarimaga tortish va tashkilot rahbarini ishdan olish boʻyicha taklif kiritish bilan qoʻrqitgan.

Tadbirkorlarning tuman IIBga qilgan murojaatidan soʻng ularning shaxsiga oydinlik kiritildi. Ular — 1975-yilda Toshkent viloyatida tugʻilgan X.Sh.Sh, 1976-yilda Toshkent viloyatida tugʻilgan M.U.M. va 1984-yilda Andijon viloyatida tugʻilgan K.E.M. ekanligi aniqlandi.

Tekshiruv davomida ularning yonidan “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi” degan soxta yozuv kiritilgan, davlat gerbi va bayrogʻi tushirilgan xizmat guvohnomalari, bozor va savdo doʻkonlarini tasvirga olgan qoʻl telefonlari va boshqa ayrim tegishli hujjatlar xolislar ishtirokida tegishli tartibda hujjatlashtirib olindi. Ayni paytda ushbu shaxslarning harakatlariga qonuniy baho berish maqsadida Olot tuman IIB tomonidan dastlabki tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi shuni maʼlum qiladiki, “Yurt salohiyati” gazetasi 2019-yil 19-sentyabrda Agentlikning Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan ommaviy axborot vositasi sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan. Muassis — OLTIN ASR SERVIS MCHJ. Ushbu nashr va muassis Agentlikka daxldor emas va xizmat guvohnomasida Agentlik nomi soxtalashtirilgan va noqonuniy ravishda kiritilgan.

Mazkur masala yuzasidan Agentlik huquqni muhofaza qiluvchi organlarga tegishli ravishda murojaat qildi va masala tez orada qonuniy yechim topadi. Yurtdoshlarimizni esa yana-da hushyor va ogoh boʻlishga chorlab qolamiz.